English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qomusimizda muhrlangan davlat tiliga oid xatolarni ko‘rib, ko‘rmaganga olamiz...
16:44 / 2022-12-08

Til — millatning borligi va boyligi, uning mavjudligini belgilaydigan asosiy omil. O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir. Til bor ekan, millat barhayot va barqaror bo‘ladi.

Davlatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi keng nishonlanayotgan ayni kunlarda unda mustahkamlangan har bir norma hayotimizning ajralmas qismiga aylanganini yana bir karra his qilamiz. Jumladan, Bosh qomusimizning 4-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir», deya muhrlab qo‘yilgan. Ushbu konstitutsiyaviy qoida o‘tgan davr mobaynida hayotimizda, ish faoliyatimizda o‘z bo‘y-bastini namoyon etib kelmoqda. Tarixning suronli davrlarida ham aslini yo‘qotmay, yanada sayqallangan, buyuk ajdodlarimiz, allomalarimiz qalami va ilmiy-ma’naviy merosi qatlarida boyitilib kelingan o‘zbek tili davlat tili maqomi ila yanada ko‘rkamlashib borayotir. Davlat tilining umrboqiyligini ta’minlashda unga bo‘lgan bugungi munosabatimiz hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

«Til posbonlari» — tilimiz sofligini saqlashga ko‘maklashadi

Ona tilimiz sofligini asrash, uni boyitish barcha yo‘nalishdagi faoliyatimizning asosiy omilidan biriga aylanmog‘i lozim. Zero, davlat tili mavqeyini yanada mustahkamlash, uning sofligini saqlash tobora dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda.

Bu borada O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi o‘zining Saylovoldi dasturida muhim maqsad-vazifalarni belgilab, muayyan ishlarni, loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda ko‘ngilli talabalardan iborat «O‘zbek tilim – o‘zligim» shiori ostidagi «Til posbonlari» loyihasi tashkil etilib, uning doirasida qator o‘rganishlar yo‘lga qo‘yilgan.

— Partiyamiz davlat tilini asrab-avaylash masalalariga muntazam e’tibor qaratib keladi, — deydi O‘zMTDP Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova. — «Til posbonlari» deb nomlangan loyihamizdan maqsad ham davlat tilini boyitish va yanada takomillashtirish, til madaniyatini, o‘zaro muomala sifatini yuksaltirish, ko‘chalar va transport vositalarida joylashtirilgan tashqi yozuvlarda, reklama va e’lonlarda, metodik qo‘llanmalar, darsliklar, o‘quv, badiiy, jumladan, bolalar adabiyotlarida yo‘l qo‘yilayotgan xatoliklar, OAVda, ommaviy muomalada adabiy til me’yor va qoidalari buzilishining oldini olishdan iborat. Buning uchun faol talabalardan iborat jamoatchilik nazorati guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu guruhlar 2022-2023 yil davomida 3 mavsumda muntazam ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘rganishlar olib boradi.

Loyihani turli bosqich va muddatlarda amalga oshirish nazarda tutilgan. Masalan, oktyabr-yanvar oylarida tashqi targ‘ibot vositalari, 2023 yilning yanvar-mart oylarida bosma va elektron nashrlar, aprel-iyun oylarida esa badiiy va bolalar adabiyotlarini o‘rganish, adabiy til qoidalariga qay darajada amal qilinishini tahlil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, «Til posbonlari» guruhlarining o‘rganish natijalarini xalq deputatlari Kengashlari sessiyalari kun tartibiga kiritish, shuningdek, aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli idora va tashkilotlarga deputatlik so‘rovlarini yuborish maqsad qilingan.

O‘rganishlar qanday natija berdi?

Davlat tilining sofligini asrab-avaylash, adabiy til qoidalariga amal qilish ona tilimiz boqiyligini ta’minlaydi. Shunday ekan, ko‘chalarda, jamoat joylarida, tadbirkorlik ob’ektlaridagi reklama va bannerlar, binolar peshlavhalaridagi yozuvlarda til qoidalariga og‘ishmay amal qilinishi dolzarb ahamiyatga ega. Mavjud xatolarni o‘z vaqtida bartaraf etish esa davlat tiliga bo‘lgan e’tibor va hurmat namunasidir.

Bu borada O‘zMTDPning «Til posbonlari» loyihasining amaliy natijalari qanday? O‘rganishlar samarali natija bilan tugayaptimi yoki shunchaki o‘tkazilyaptimi? Natijalar haqida partiyaning yoshlar masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Nodirbek Murodov quyidagilarni so‘zlab berdi:

— Davlat tili bo‘yicha yon-atrofimizda turli muammolar, kamchiliklar mavjudligi sir emas. Shu bois, «Til posbonlari» loyihasi doirasida nazorat tadbirlarini amalga oshiryapmiz. Bir oy davomida 6 ta tumanda o‘rganishlar olib bordik. 330 ta tadbirkorlik ob’ektlari o‘rganildi, bu jarayonda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Xususan, tashqi banner va e’lonlarda yo‘l qo‘yilgan adabiy til qoidalaridagi xatoliklarning 56 tasi o‘z vaqtida to‘g‘rilandi, qolganlariga ogohlantirish xatlari berildi.

Ushbu loyihani amalga oshirishimizda bizga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda hokimning til masalalari bo‘yicha maslahatchilari yordam berdi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari bilan ham hamkorlik qilinyapti. Chunki oliygoh talabalari loyihani amalga oshirishda ko‘ngilli sifatida faol ishtirok etib, ko‘maklashmoqda.

Loyihamizning bir qismi sifatida yoshlar o‘rtasida ijtimoiy so‘rov ham o‘tkazdik. 3 mingdan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etgan ijtimoiy so‘rovimiz davomida ularning 90 foizi turli xatoliklar bilan yozganiga guvoh bo‘ldik. Demak, yoshlarimiz o‘rtasida adabiy til qoidalariga amal qilish borasidagi ishlarimizni yanada kuchaytirishmiz zarurligi, ularning savodxonligini oshirishga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi anglashiladi, — deydi Nodirbek Murodov.

Darhaqiqat, Bosh qomusimizda muhrlangan davlat tili — o‘zbek tilining mavqeyini oshirish va u bilan bog‘liq muammo va kamchiliklarni hal etish, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ona tilimizga nisbatan hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalash eng dolzarb hayotiy masalalardandir. Tilimiz sofligini saqlash, uni boyitish va e’zozlash, mavqeyini baland tutish har birimizning fuqarolik burchimizdir. Ba’zan ko‘z o‘ngimizda oynadek ko‘rinib turgan tashqi yozuvlardagi xatolarga arzimasdek qarab o‘tib ketamiz, ba’zan esa ko‘rib, ko‘rmaganga olishimiz ham rost. Aslida esa bu kabi holatlarni bartaraf etishda tashabbuskor bo‘lishimiz, millatimizga, tilimizga nisbatan daxldorlikni his qilishimiz shart.

Muhtarama Komilova, O‘zA