
Ko‘chaga chiqib yo‘l harakati ishtirokchisiga aylanar ekanmiz, svetoforlarga tez-tez duch kelamiz. Ayniqsa, poytaxtimiz ko‘chalarida svetoforlar ko‘pligi sir emas.
Svetofor mavzusini kengroq va chuqurroq tahlil qilish maqsadida ularning qachon, qayerda va qanday paydo bo‘lgani, “svetofor” so‘zining ma’nosi haqida xabar bergan edik. Semafor tarzida svetofor birinchi marta 1868 yil Londonda o‘rnatilgan.

Svetoforlar bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlar, yo‘l harakati bo‘yicha ko‘pchilikka qiziq savollarga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ko‘magida javoblar tayyorlandi.
– O‘zbekistonda ilk svetofor qachon o‘rnatilgan?
– O‘zbekistonda ilk svetofor Toshkent shahrining Saylgoh ko‘chasida 1940 yilda o‘rnatilgan.
– Svetofor o‘rnatish tartibi qanday va qanday joylarga svetofor qo‘yiladi? Ularning umumiy soni mamlakat bo‘yicha (jumladan Toshkent shahrida) nechta?
– Svetofor o‘rnatish “Yo‘l harakatini tashkil etish texnik vositalari, qo‘llash qoidalari” bilan tartibga solinadi. Svetofor qurilmalari transport vositalari va piyodalar jadalligi hisobga olingan holda o‘rnatiladi.
Hozirgi kunda respublika yo‘llarida 3 ming 88 ta svetofor qurilmalari mavjud bo‘lib, shundan 652 tasi Toshkent shahrida o‘rnatilgan.
– Bir dona svetoforni o‘rnatishga qancha mablag‘ sarflanadi?
– Piyodalar svetoforiga 40 million so‘m atrofida, katta chorrahalardagi svetoforlarga esa 200 million so‘mgacha mablag‘ sarflanadi.
– Dunyo amaliyotida katta shaharlarda svetoforsiz ko‘chalar mavjud. Bu odamlarning vaqtini tejash, harakat uzluksizligini ta’minlash uchun qo‘llaniladi. O‘zbekistonda ham bu amaliyotni qo‘llash mumkinmi?
– Avvalo, avtomobil yo‘llari o‘zi nima, ulardan nima maqsadda foydalaniladi, degan savolga javob bersak...
Avtomobil yo‘llari – bu barcha harakat ishtirokchilarining o‘zlari belgilagan manzillariga xavfsiz va qulay yetib borishlari uchun foydalaniladigan va barcha yo‘l infratuzilmasi elementlari mavjud bo‘lgan yo‘llardir.
Albatta, bu kabi yo‘llarni barpo etishdan asosiy maqsad harakat ishtirokchilarining xavfsizligini, shu bilan birga, belgilangan manzilga imkon qadar tez yetib borishlarini ta’minlashdir. Iqtisodiyotning har bir elementi logistika tizimi, ya’ni yo‘lovchi va yuklarni tashish bilan chambarchas bog‘liq.
Biroq, yo‘llarning o‘tkazuvchanligini oshirish, transport vositalarining to‘siqsiz harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan yechimlar har doim ham xavfsizlik talablariga mos kelmaydi. Shu sababdan yo‘llar svetoforlar, yo‘l belgilari, yo‘l yotiq chiziqlari, sun’iy notekisliklar, shovqin chiziqlar bilan jihozlanadi.
Yo‘l infratuzilmasining bu kabi elementlari transport vositalarining harakatlanish tezligini pasaytiradi, albatta. Ammo insonlar hayoti va salomatligini asrashda muhim o‘rin tutadi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan doimiy ravishda harakat ishtirokchilariga yo‘llarda qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib boriladi. Masalan, Yo‘l harakati qoidalariga 2018 yilda kiritilgan o‘zgartirishlar bilan ayrim chorrahalarda svetoforning qizil chirog‘ida ham o‘ng tarafga harakatlanishga ruxsat berildi. Aylanma harakat (krug) tashkil etilgan joylarda “krug” ichida harakatlanayotgan transport vositalariga ustunlik belgilandi.
Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida esa transport vositalarining oqimini onlayn hisob-kitob qilgan holda, svetoforning yonish vaqtiga (sikliga) avtomatik ravishda o‘zgartirish kiritib turadigan aqlli svetoforlar o‘rnatilmoqda.
Bu kabi sa’y-harakatlarning barchasi yo‘llarda harakat ishtirokchilariga nafaqat qulay yo‘l sharoitlarini yaratish, balki ularning xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Dunyo amaliyotida katta shaharlarda svetoforsiz ko‘chalar mavjudligi haqida yuqorida to‘xtalib o‘tganmiz. Bu borada esa Internetdagi ma’lumotlarga tayandik.
Masalan, Dubay yo‘llari. Ularni ertakka qiyoslashadi. Yo‘llar tekis va kesishmalar juda qulay.
Shayx Zayd yo‘li - Dubay shahridagi asosiy va eng uzun ko‘cha bo‘lib, 55 kilometrni tashkil etuvchi magistral shahar va qirg‘oq bo‘ylab o‘tadi. Magistral yo‘lda 12 ta harakatlanish bo‘lagi mavjud bo‘lib, bu yo‘lda harakatlanish tezligi 120 km/soat qilib belgilangan. Muhimi, bu yo‘l svetoforsiz!
Shaharning istalgan nuqtasiga oson yetib olishni ta’minlash bilan birga, bu yo‘l boshqa shaharlarga ham tez olib chiqadi.
Dubayga borgan sayyohlar bu keng va ravon yo‘lda avtomobilda ketar ekan, nafaqat to‘siqsiz, balki tez harakatlanish, ko‘chaning ikki chetida qad rostlagan zamonaviy arxitektura namunalarini ko‘rib, ulardan bahra olishi mumkin.
Faqat bu magistral yo‘lda harakat pullik, barcha kirish va chiqishlar skanerlar bilan jihozlangan. Haydovchilardan kuniga 4 dirham (taxminan 1 dollar), lekin kuniga 24 dirhamdan ko‘p bo‘lmagan haq olinadi.
E’tiborlisi esa, hech kim tirbdandliklarda qimmatli vaqtini havoga sovurmaydi yoki o‘nqir-cho‘nqirliklarga tushib, avtomobiliga zarar yetmaydi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunga kelib transport oqimining kuchaygani yo‘llarda qulaylik yaratishni, yangi yechimlar topishni ham taqozo qilmoqda.
Chunki poytaxtimiz yo‘llarida svetoforning yashil chirog‘i uchinchi, to‘rtinchi marta yonganda zo‘rg‘a o‘tish mumkin bo‘lgan holatlar yuzaga kelmoqda. Bu yo‘l o‘tkazgichlar, ko‘priklarni ko‘proq bunyod etishni, yo‘llarni esa imkon qadar kengaytirish zaruratini ko‘rsatmoqda.
Norgul Abduraimova,
O‘zA