
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Abdurashid Bozorovning ma’lum qilishicha, 2022 yilda chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish 167 711 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 3,4 foizga o‘sdi. Qishloq xo‘jaligida chorvachilik mahsulotlarining ulushi 48,2 foizga yetdi.
O‘zbekistonda chorva mollarining asosiy qismi, ya’ni 76 foiz qoramol, 78 foiz echki va qo‘y, 53 foiz parranda uy xo‘jaliklarida boqiladi. So‘ngi yillarda chorvachilik kompleksida amalga oshirilgan oxirgi islohotlar natijasida aholini chorvachilik mahsulotlari bilan ta’minlash sezilarli darajada yaxshilandi.

Masalan, aholi jon boshiga go‘sht yetishtirish 2,2 baravar, sut ishlab chiqarish esa 2,3 baravarga oshdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston aholisi 1,4 baravardan ziyod ko‘paydi.
Go‘sht ishlab chiqarishda 2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, umumiy qoramollar soni 13 857,6 ming boshga, qo‘y va echkilar soni esa 23 623,7 ming boshga yetdi.
Parrandachilik tarmog‘ida 2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, umumiy parrandalar soni 97 310,2 ming boshga yetdi.
Baliqchilik xo‘jaligida 2022 yilning yanvar-dekabr oylarida jami 117 417 tonna baliq ovlandi, bu 2021 yilning mos davriga nisbatan 3,2 foizga ko‘p.
O‘zbekiston chorvachilik mahsulotlarining netto-importchisi hisoblanadi. Chunki 2022 yilda umumiy eksport hajmi 91,4 mln. dollarni, import esa 747,3 mln. dollarni, tashqi savdoning salbiy qoldig‘i 655,9 mln. dollarni tashkil etdi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA