
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Zakovat intellektual klubi” NNT hamda Kambag‘allikni rivojlantirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan respublikamiz bo‘ylab “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazilmoqda.
Qarshi shahridagi Yoshlar markazida ham xotin-qizlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Turnirda 192 nafar xotin-qiz 36 guruhga bo‘lingan holda bahslashdi. Bu tadbir ishtirokchilar uchun haqiqiy ilm, tafakkur musobaqasi bo‘ldi.
[gallery-10822]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Nuriston” jamoasi 1-o‘rinni, “Alyaska” jamoasi 2-o‘rinni, “Yandeks” jamoasi 3-o‘rinni egallab turnirning respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
- “Zakovat” intellektual o‘yini ko‘pchilikda bolalik xotiralarini uyg‘otdi, - deydi turnir ishtirokchilaridan biri Shohida Shoimova. - Bu o‘yin ilk marta efirga ketganda qanday hayajon bilan kutib olgan bo‘lsak bugun ishtirokchi sifatida shunday hayajonlandik. Tashkilotlar o‘rtasida o‘tkazilgan bu o‘yin avvalambor jamoaviy birdamlikni shakllantirdi deb o‘ylayman. Albatta ishdan tashqari bunday o‘yinlar insonga ma’naviy hordiq beradi.
O‘lmas Barotov, O‘zA. Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.