
“6 oylik egizak farzandlarim bor. Bola puli olish uchun murojaat qilsam ularning har ikkisiga ham uch yoshga to‘lmaganligi sababli bir xil nafaqa beriladimi?”
“Men oilam bilan ajrashganman. Hozirda turmush o‘rtog‘im ikki nafar bola uchun aliment to‘laydi. Olayotgan alimentim sababli menga bola puli berilmaydimi?”
“Qanday hollarda bola puli berilishi to‘xtatiladi?”
Ko‘pchilik shu kabi savollar yuzasidan murojaat qiladi.
Xalqimiz orasida “Bola puli” deb nomlanadigan bolalar nafaqasi kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan tayinlanadi.
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish hamda ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi qarorlar “Yagona reyestr” ATda shakllantiriladi va qabul qilinadi.
Xo‘sh, bolalar nafaqasini olishda nimalarga e’tibor qaratish kerak?
Bola puli olish uchun ariza namunasi xudud MFYda to‘ldirib beriladi va ushbu to‘ldirilgan ma’lumotnoma, pensiya jamg‘armasiga yuboriladi. Yolg‘iz ona bo‘lsa, daromadlar to‘g‘risida ma’lumot so‘ralmaydi (yolg‘iz ona deganda boquvchisi yo‘q, nikoxi qonuniy bekor qilingan ayollar tushuniladi).
Shu bilan birga, oilada, 3 yoshga to‘lmagan bola bo‘lsa, onasidan ish xaqi to‘g‘risida ma’lumotnoma so‘ralmasligi, biroq turmush o‘rtog‘ining ish xaqqi yoki o‘zini-o‘zi band qilinganligi xaqidagi ma’lumotnomasi bo‘lishi kerakligi belgilangan.
“Bola puli” 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab, 3 yoshgacha bo‘lgan bolaga 325 ming so‘m, undan keyingisiga 150 ming so‘m va undan keyingisiga 100 ming so‘mdan hisoblanadi. Oila kam ta’minlangan oila bo‘lishi, oilani xar bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromadi 498 ming so‘mdan oshmasligi ko‘rsatilgan.
Oilada turmush o‘rtog‘i chet davlatda ishlayotgan bo‘lsa, uning daromadi 1 million 644 ming so‘m deb hisoblanishi, o‘zini-o‘zi band qilgan fuqaroni daromadi ham, xuddi shu miqdorda hisoblanishi belgilangan.
Oiladagi farzandlar 3 yoshdan oshgan bo‘lsa va ushbu oila to‘liq oila bo‘lsa, er-xotindan ish xaqi to‘g‘risida ma’lumotnoma talab qilinadi.
“Bola puli” yuzasidan MFYga berilgan ariza, pensiya jamg‘armasiga yo‘llangach, 1 oy ichida avtomatik tarzda daromad va boshqa holatlari aniqlanadi. Bunda inson omili aralashmasdan, kompyuter baza orqali aniqlagan ma’lumotlari asosida tayinlanishi yoki rad qilinishi mumkin.
O‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar, band qilinganligi, ro‘yxatga olinganligi aniq bo‘lgach, bola puliga ariza berishlari kerak. Bunda daromadi 1 million 644 ming so‘m deb hisoblanishi, oila a’zosiga tushadigan daromad 498 ming so‘mdan oshib ketmasligiga rioya qilishi nazarda tutilgan.
Oilani daromadiga, 7 yil to‘lmagan transport vositasi, nomida ikkita uy, yoki qo‘shimcha bino bo‘lishi, qo‘shimcha yer maydoni va tomorqalar, sonidan kelib chiqib, qora mol, sigir va qo‘y echkilar ham oila daromadi hisobiga olinishini inobatga olishi kerak.
Iroda Qahhorova,
huquqshunos