English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalbimda porlaydi millat bayrog‘i
10:38 / 2022-11-18

Har bir millatning o‘tmish va bugunini bog‘lab turadigan, orzu-maqsadlarini yuksaklarga ko‘taradigan, erk hamda tinchlik ramzi bo‘lgan milliy bayrog‘i, uning dunyo sahnalarida baland hilpirashi uchun jon fido qilgan farzandlari borligi, ayni haqiqat. Davlat ramzlari hamisha ulug‘ va muqaddas sanaladi. Illo, u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir!

O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlangan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligini namoyon etadi. Lekin dunyoda birorta ramz yoki timsol davlatni, millatni jahonga davlat bayrog‘idek tanita olmaydi.

Bayroq – millatni, xalqni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi oliy mash’aladir. U qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan.  

Buyuk bobomiz Amir Temur ham davlat ramzlariga jiddiy e’tibor qaratganini jang maydonida bir lashkar omon qolsa ham, Vatani bayrog‘ini baland tutishi kerakligi to‘g‘risida farmon berganidan bilsa bo‘ladi. Shu sabab ham, buyuk ajdodlarimiz g‘oliblik bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tardi. Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi, u barpo etgan ulug‘ saltanatni dunyo tan oldi.

Ayni damda Vatan bayrog‘i deganda, ko‘z oldimizda butun bir mamlakatning timsoli, jahonning siyosiy-ijtimoiy xaritasidagi qiyofasi gavdalanadi. bugungi kunda ham dunyo mamlakatlaridagi ko‘plab elchixonalarimiz binolari, qator xalqaro tashkilotlar qarorgohlarida bayrog‘imiz hilpirab turibdi.

Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilarimizning yutuqlari esa albatta, qalbimizni vatanparvarlik tuyg‘usiga to‘ldiradi.  

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir”, deb belgilab qo‘yilgan. Milliy g‘ururimiz sanalgan bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrat-shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan.

Yer yuzida ikki yuzdan ortiq davlat bor. Albatta, har bir davlatning o‘z ramzlari, bayrog‘i bor. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrog‘imiz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni ko‘rsatib turadi.

Vatan himoyasidek muqaddas burchni mardona o‘tash uchun bayrog‘imizni o‘pib qasamyod qilayotgan harbiylarimizning qalbidagi olovni, ko‘zlaridagi jo‘mardlikni ko‘rib, faxrlanamiz. Ana shunday lahzalarda hech mubolag‘asiz Vatanimiz bayrog‘ini ko‘zimizga to‘tiyo qilgimiz keladi. Bu faxrlanish aslida yurtga bo‘lgan mehr va sadoqatning yorqin ko‘rinishidir.

Yurtimizning har bir farzandi: “Men shu millatning vakiliman, bir bo‘lagiman”, – deya maqsadlari sari dadil qadam tashlasa, erishgan har qanday yutug‘ida yurtimiz bayrog‘ini ko‘tarib, baland hilpiratib tursa, biz ota-onalar uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.

Ishimiz sabab ko‘plab davlatlarga xizmat safari bilan boramiz. Qaysi bir mamlakat bo‘lmasin u yerdagi elchixonalarda viqor bilan hilpirayotgan bayrog‘imizni, shuningdek, jahon arenalarida sportchilarimizning g‘alabalarida millat timsoli bo‘lib turgan bayrog‘imizni ko‘rib qalbimiz jo‘shib ketadi.  

Donishmandlar aytganidek: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir...”. O‘zini Vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tan-u joni, yurak qoni ila Vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak.  

“Vatan – ostonadan boshlanadi”, deganlaridek Vatan har bir kishining o‘z qalbidan boshlanadi. Ya’ni, har kishining qalbida Vatanning jajji qiyofasi yashaydi. Vatanning bir zarrasi ekanini anglamoq kishi uchun iftixor va sharafdir. Shu sababli Vatanni sevmoq, qadrlamoq, ravnaqi va shon-sharafi uchun xizmat qilmoq kerak.

 

Gulsanam NOROVA,  

“Tadbirkor ayollar” klubi a’zosi.

O‘zA.