English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qahramonlar ibrati
15:43 / 2023-03-04

Xalqimizda “Qari bilganni, pari bilmaydi”, degan hikmatli maqol bor. Darhaqiqat, keksa otaxonu onaxonlar bor uylarning fayzi o‘zgacha bo‘ladi. Ular hayotlari davomida to‘plagan tajribalari bilan yoshlarga ibrat bo‘lishadi. Keksalari bor uylardagi kelinlarda ayollik mas’uliyati, qizlarda esa ibo-hayo kuchliroq bo‘ladi. Chunki keksalar hamisha har ishda sabrli, toqatli, mulohza bilan ish yuritishga undaydilar.

Keksa avlod vakillari o‘zlarining hayot yo‘li haqidagi hikoyalari, maslahat va o‘gitlari orqali yoshlarni bilimli, salohiyatli, Vatanga muhabbat va sadoqatli qilib tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega ekanini mamlakatimiz rahbari ham tez-tez ta’kidlaydilar.  

Respublika "Nuroniy" jamg‘armasi tashabbusi bilan Namangan davlat universitetida o‘tkazilgan uch avlod uchrashuvi ayni shu maqsad yo‘lida tashkil etildi. Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston Qahramonlari Xalchaxon Mirzayeva, Oyshaxon Qo‘chqorova hamda professor o‘qituvchilar, keng jamoatchilik vakillari, talabalar ishtirok etdi.  

O‘zbekiston Qahramonlari o‘zlarining uzoq yillik kasbiy mahorati, hayotiy tajribalari xususida yoshlarga hikoya qilib berdilar. Ular yurtimizda inson qadrining ulug‘ligi, keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tiborni shukronalik bilan e’tirof etdilar.  

— Odam chiroyli va xotirjam hayotga ilm va halol mehnat orqaligina erishadi, — deydi Xalchaxon Mirzayeva. — Qaysi kasbda ishlamang, eng avvalo, o‘sha sohani chin dildan seving, mehr bering. Shunda yutuqlarga erishishingiz oson bo‘ladi.  

O‘zbekiston Qahramoni Oyshaxon Qo‘chqorova ham yoshlarga o‘z hayotining ibrat bo‘larli sahifalari haqida so‘zlab berdi.    

Uchrashuvda talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Bu kabi uchrashuvlar yoshlarning har sohada peshqadam va yetuk shaxs bo‘lishlari uchun zamin yaratadi. Ularning ibratli hayot yo‘llari kelgusi avlod vakillari uchun katta maktab vazifasini o‘taydi.  

 

N.Rahmonova,  

O‘zA