English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qadringizni tutgaymiz hamisha osmon!
21:34 / 2023-05-09

Oramizda shunday insonlar borki, ularni har kuni yo‘qlash, holidan xabar olish, maslahati va o‘gitlaridan har qancha bahra olsak arziydi. Andijonlik Baxtiyor Otajonov ana shunday zamondoshlarimizdan biri. U uzoq yillar davomida huquqni muhofaza qilish idoralarida samarali mehnat qilgan.

Baxtiyor Otajonov prokuratura xizmatida olib borgan faoliyati natijasida hukumatimizning “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. 37 yillik mehnat faoliyati davomida qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilibgina qolmasdan, yuzlab shogirdlarni kamolotga yetkazishga ulgurdi. Zahmatkash, jonkuyar, o‘z kasbining fidoiysi bugun ham soha xodimlari orasida hurmat va e’tiborda.  

Bugun Majburiy ijro byurosi vakillari 9-may "Xotira va qadrlash kuni" munosabati bilan sohada mehnat qilgan ana shunday faxriylarning holidan xabar oldi.

Kamoliddin Zulfiyev ham prokuratura organlarida ko‘p yillar samarali faoliyat olib borgan soha faxriysi hisoblanadi. Nafaqadagi podpolkovnik o‘zining intizomi, kasbiga mehri va mas’uliyati sabab erishgan yutuqlari, mehnat faoliyati davridagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.  

Isroiljon Nizomovni ham Shaxrixon tumanida barcha taniydi. U kishi o‘zining uzoq yillik mehnat faoliyati davomida ko‘pchilikning hurmatini qozongan. Asaka, Bo‘z tumanlarida prokuratura sohasida xizmat qilib, adolat ustuvorligini  ta’minlagan. Shu sohada uzoq yillar samarali mehnat qilib, ayni paytda 4 farzand va 11 nafar nabiralari qurshovida umrguzaronlik qilmoqda.

Majburiy ijro byurosi xodimlari shu kuni faxriylar bilan uchrashib, samimiy muloqotda bo‘ldi. Ularga Byuro tomonidan ajratilgan sovg‘a-salomlar topshirildi. Faxriylar holidan xabar olish uchun aslida bayram sanasini kutish shart emas. Ulardan har kuni xabar olish har birimizning insoniylik burchimizdir.

O‘zA