English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimiz tashabbusi amalda: ezgu orzular ruyobga chiqmoqda
17:54 / 2023-04-01

Surxondaryo viloyatidan 100 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan xonadonlar, ibratli oilalar vakillari, faxriylar muborak Ramazon oyida davlatimiz bergan yo‘llanma asosida Saudiya Arabistonida Umra ziyoratini amalga oshirish baxtiga muyassar bo‘ldi.

— Mohi Ramazon oyida ehtiyojmand oilalar vakillarining muqaddas Umra ziyoratiga davlat ko‘magida yuborilishi ajru savobi behisob tarixiy voqea bo‘ldi,–deydi Surxondaryo viloyati bosh imom xatibi Aliakbar Sayfuddinov. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 17 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov davlatimiz rahbaridan kam ta’minlangan oilalar vakillarini Umraga yuborishda davlat tomonidan yordam berishni so‘ragan edi. Bu iltimos qanoatlantirilgani Umra ziyoratiga borishni niyat qilib, imkonini topalmay turgan ko‘plab ehtiyojmand yurtdoshlarimizning orzusini ruyobga chiqarmoqda. Xayrli tashabbusning ezgulik, rahmat va mag‘firat, mehr-muruvvat oyida amalga oshirilayotgani barchaga birdek quvonch ulashmoqda.  

Surxondaryo viloyatida ham shu tashabbusga muvofiq Termiz shahri va tumanlardan aholi soniga qarab, mahalla-kuy va el orasida hurmat-e’tibor qozongan, muqaddas safarga borishga moddiy imkoniyati yetmayotgan va boshqa jihatlari hisobga olingan 100 nafar ziyoratchi ruyxati shakllantirildi. Umra ziyorati harajatlari davlat tomonidan qoplab berildi.

Ramazoni sharif kunlarida muqaddas safarga yo‘l olgan surxondaryoliklarning bir guruhi Umra ziyorati amallarini ado etib, bir olam quvonch bilan qaytib keldi. Ular safida Sherobod tumanidagi Oltin voha mahallasida yashaydigan 65 yoshdagi Roza Niyozova ham bor.  

Roza aya 38 yil ta’lim va adliya tizimlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qildi. Yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda xalqimizning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga munosib hissa qo‘shdi. Fidoyiligi bilan el-yurtda hurmat-e’tibor qozongan mehnat faxriysi xonadoni mahalladagi eng ibratli oilalardan biridir.

— Umra ibodatini ado etish ushalmas niyatim edi. Lekin, imkoniyatimiz yetmay turgandi, – deydi Roza aya Niyozova. – Haj va Umra safariga borib kelayotganlarni ziyorat qilganimda menga ham g‘oyibdan shunday huzurbaxsh ne’mat ato etilishini so‘rardim. Bu yilgi Ramazon oyida bu niyatim ijobat bo‘lib, davlat hisobidan Umra ziyoratiga borib keldim. Jidda xalqaro aeroportida bizlarni maxsus ishchi guruh kutib olib, zarur qulayliklarga ega zamonaviy mehmonxonaga joylashtirdi. Umra ziyoratini to‘la-to‘kis bajarishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Biz Makka va Madina shaharlarida ibodat amallarimizni bajarayotib, shu kunlarga yetkazgani uchun bunday ezgu ishning tashabbuskori bo‘lgan Prezidentimizga uzoq umr, olib borayotgan ezgu ishlarining bardavom bo‘lishini tilab, duo qildik. Allohga hamdu sanolar aytib, osuda, obod Vatanimiz hamisha tinch, farovon bo‘lishini so‘radik. Hayotimizning kuch-quvvatga to‘la yillarida ko‘rmagan shunday saodatli kunlarni inom etayotgan davlatimizga shukrona aytib yashash biz uchun sharafli amal bo‘layotganidan quvonchimiz cheksiz.  

Makka va Madina shaharlarida Umra ziyoratini to‘la-to‘kis ado etgan navbatdagi guruh ertaga Surxondaryo viloyatiga yetib keladi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA