English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: maktablarda yangi baholash tizimi joriy etildi
12:42 / 2023-09-23

Buxoro viloyatidagi 28 ta umumta’lim maktablarida yangi baholash tizimi tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqida Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 28 avgust kuni maktab ta’limidagi masalalarni muhokama qilish va ustuvor vazifalarni belgilab olish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’lim sifatini oshirish maqsadida umumta’lim maktablarida Prezident va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi, baholash tizimi joriy etilishi belgilangan edi.

Shundan kelib chiqqan holda 2023-2024-o‘quv yilidan Buxoro viloyatida ham 28 ta umumta’lim maktabi tanlandi. Ularda yangi baholash tizimi tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu jarayonga maktablarning 5-11-sinf o‘quvchilari jalb etilgan. Ushbu maktablarga viloyatda mavjud Prezident va ixtisoslashgan maktablar “tayanch maktab” sifatida biriktirilgan.

Mazkur baholash tizimi amaldagisidan farq qiladi. Bunda inson omili minimallashtirilgan. U o‘quvchining bilimini ob’ektiv baholash hamda to‘g‘ri yo‘naltirishga zamin yaratadi.

Buxoro shahridagi 23-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida ham tajriba-sinov maktabi sifatida ayni paytda yangicha baholash tizimi joriy etilmoqda. Jarayonga jalb etilgan o‘qituvchilar yangi tizimning afzalliklarini alohida e’tirof etib o‘tdi.

– An’anaviy baholashda o‘quvchilar bilimi 5 balli tizimda baholanib, kunlik bahosi ko‘proq choraklik bahosini chiqarishda asosiy rol egallaydi va bu unchalik ham xolis baholashga kirmaydi, – dedi maktabning matematika o‘qituvchisi Amrillo Saidov. – Chunki o‘qituvchi bolalarni 5 balli tizimda nisbiy baholab keladi. Yangi baholash tizimi esa mezonlarga asoslangan bo‘lib, bunda o‘quvchining aniq qaysi bilimi, qaysi ko‘nikmasi asosida baholanishi oldindan ishlab chiqilgan. Shu asosida ularning bilimi, olgan bilimini amaliyotga qo‘llashi, mulohaza, mushohada qilish ko‘nikmalari ham baholanadi.

– Yangicha tamoyilni o‘z faoliyatida tatbiq etayotgan o‘qituvchi sifatida shuni ayta olamanki, bu tizim o‘quvchini baholashni odilona va shaffof tarzda amalga oshirish imkonini beradi, – deydi Vobkent tumanidagi 1-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Feruza Jo‘rayeva. – Tajriba-sinov jarayonlarini endigina boshlaganimizga qaramay, shu qisqa vaqt mobaynida nafaqat o‘quvchilar va o‘qituvchilarda, balki ota-onalarda ham mas’ullik hissi keskin oshganini kuzatyapmiz. Bu maktab va oilaning bir maqsad yo‘lida birlashishiga ham xizmat qilmoqda.

– Yangi baholash dasturi o‘quvchilarni mustaqil ravishda ko‘proq bilim olishga, izlanishga undaydi. Ular o‘z bo‘shliqlari ustida ishlashlari kerakligini hech qanday ortiqcha turtkilarsiz anglab boradi, –deydi tajriba-sinov maktabi sifatida tanlangan Buxoro shahridagi 17-umumta’lim maktabining texnologiya fani o‘qituvchisi Munis Adizova. –Albatta, bunda biz o‘qituvchilardan yangi baholash tizimining mazmun-mohiyatini o‘quvchilarga va ota-onalarga to‘g‘ri yetkazgan holda, amaliyotga samarali tatbiq etish talab etiladi.

 

Zarif Komilov, O‘zA