English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori ijroda: hosildorlik mo‘l bo‘lishi uchun yer zo‘r bo‘lishi kerak
17:03 / 2022-11-23

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekiladigan yerlarning unumdorligini oshirishda meliorativ tarmoqlarni ta’mirlash, tiklash va rekonstruksiya qilish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Jizzax viloyatidagi meliorativ ob’ektlarning holati qay darajada? Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Kollektor va drenajlarda amalga oshirilayotgan ishlarning sifat darajasi talabga javob beradimi? Ushbu ob’ektlarda amalga oshirilayotgan ishlar hosildorlikning oshishida qanday zamin yaratmoqda?  

Sirdaryo – Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi matbuot markazi tomonidan tashkil etilgan press-turda shu kabi savollarga javob berildi.  

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 avgustdagi “Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda meliorativ ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, tiklash loyihalari amalga oshirilmoqda.  

Press-tur davomida mazkur ynalishda amalga oshirilayotgan ishlar Do‘stlik tumani misolida o‘rganildi.  

– Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida kollektor-drenaj tarmoqlarida har 2 yilda 1 marta ta’mirlash-tiklash, har 3 yilda 1 marta rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi, – deydi Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Umidjon Suyarov. – Ta’mirlash-tiklash ishlarida kollektor, ya’ni zovurlarning katta-kichikligiga qarab, ana shu kollektorni tozalashga mos keladigan ekskavator bilan suv oqimiga qarshi, zovurning bir tomoni tozalab chiqiladi. Bir vaqtning o‘zida, yopiq-yotiq drenajlar maxsus texnika yordamida, katta bosimdagi suv purkash yo‘li bilan tozalanadi. Ona drenajga kelib quyiladigan drenajdan birortasi tozalanmay qolsa, shu hududdagi barcha kollektor-drenaj tarmoqlari ishlamay, yerni sho‘ri yuzaga chiqib, sizot suvlari singmay, yuqorilab ketadi, bunda yerning meliorativ holati buziladi va hosildorlik keskin pasayadi.    

Meliorativ ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish loyihalari bo‘yicha 2022 yilda byudjet mablag‘lari hisobidan 22 milliard 445 million 400 ming so‘m mablag‘ hisobiga kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bo‘yicha 11 ta loyiha doirasida salkam 57,6 kilometr uzunlikdagi kollektorlar, 65,3 kilometr uzunlikdagi yopiq-yotiq drenajlar va 16 dona quvurli o‘tish inshootini rekonstruksiya va qurish ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Ushbu meliorativ tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida viloyatda jami bo‘lib 15 ming 885 gektar sug‘oriladigan maydonning meliorativ holati tubdan yaxshilandi.  

Bu ko‘rsatgichlarni tumanlar kesimida ko‘rib chiqqanimizda, jumladan, press-tur tashkil etilgan Do‘stlik tumanining M.Dadajanov, Sarkisov hamda Sh.Ibragimov nomli fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmalari ekin maydonlarida 2 milliard 256 million 100 ming so‘m mablag‘ hisobiga salkam 2,9 kilometr kollektor qurish, 10,8 kilometrdan ortiq yopiq-gorizontal drenaj tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi.  Bu 223 gektar sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holatini yaxshilash imkonini berdi.  

[gallery-9703]

– Kollektor-drenaj tarmoqlari tozalanib bo‘lingandan so‘ng  bajarilgan ishlar nazoratdan o‘tkaziladi. Ya’ni har 100 metrda bajarilgan ish loyiha-smeta bo‘yicha qilinganmi, yo‘qmi birma-bir ko‘rib chiqiladi, – deydi “Jizzax suv qurilish invest” davlat muassasasi direktori o‘rinbosari Bahrom Eshonqulov. – Texnadzor tomonidan bajarilgan ish yuzasidan ma’lumot berilgandan so‘ng, maxsus komissiya bajarilgan ishni o‘rganib chiqib, loyiha amalga oshirilganini tasdiqlab bersa, ish qabul qilinadi. Kamchilik yo xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, aytaylik fermerning suvni ko‘llatishi yoki kuchli yog‘ingarchilik oqibatida ona kollektor, ya’ni zovurda o‘pirilish yuzaga kelgan bo‘lsa, o‘sha joyda tozalash ishlari boshqatdan amalga oshiriladi.  

Kollektor-drenajlarda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishidan ta’mirlash-tiklash ishlari bir-biridan farqi, ta’mirlash-tiklash ishlarida ona kollektor, ya’ni zovurlarning bir tomoni, kun kechiruvchi faunaga zarar yetkazmaslik maqsadida tozalansa, rekonstruksiyaning 3 yilda bir marta o‘tkazilgani, zovurlar to‘lib, jonzotlar allaqachon bu yerni tark etadi va ularga zarar yetkazilmaydi, ya’ni tabiat muvozanati buzilmaydi.  

Viloyat tumanlarida kuzatuv quduqlarini ta’mirlash-tiklash loyihasi doirasida 411 million so‘m mablag‘ hisobiga 180 dona kuzatuv quduqlarini ta’mirlash-tiklash ishlari belgilangan. Bugunga qadar 392 milliard 200 million so‘m evaziga 180 dona kuzatuv qudug‘ida ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilgan. Ushbu meliorativ tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida viloyatda 12 ming 383 gektar sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holati tubdan yaxshilangan.  

– Ushbu kollektor-drenajlarni tozalashga qaratilgan e’tibor natijasida viloyatimiz bo‘yicha umumiy sho‘rlanish darajasi 3 ming gektarga kamayib, paxtadan olinadigan umumiy hosildorlik viloyat bo‘yicha 2 sentnerga, g‘alladan esa 4 sentnerga ortdi, – deydi Jizzax viloyati meliorativ ekspeditsiya boshlig‘i o‘rinbosari Orzubek Xolbekov. – Bu erishilayotgan natijalar birgina irrigatsiya tarmoqlari xodimlarining ishi desak, biroz mubolag‘a qilgan bo‘lamiz.  

Avvalo Yurtboshimiz tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan tub islohotlar samarasida kirib kelayotgan innovatsion texnologiyalarning joriy etilishi, qishloq xo‘jaligi bilan bevosita shug‘ullanuvchi mutasaddilarning o‘zlariga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bekamu-ko‘st bajarishlari natijasida yuqori unumdorlikka erishish mumkin, deb o‘ylayman.  

Do‘stlik tumanidagi “12-K” kollektorlar tizimini ta’mirlash-tiklash loyihasi doirasida 5 milliard 105 million 400 ming so‘m mablag‘ evaziga salkam 113 kilometr kollektor, 93 kilometr  yopiq-gorizontal drenaj tarmoqlari va 3 dona gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash-tiklash belgilangan. Ayni kunga qadar 3 million 936 million 600 ming so‘m mablag‘ sarflanib 95,5 kilometr kollektor, 66,8 kilometr yopiq-gorizontal drenaj tarmoqlari va 1 dona gidrotexnik inshootlarda ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilgan.  

– Ushbu press-tur doirasida o‘rganilayotgan Do‘stlik tumanidagi “12-K” kollektorlar tizimini ta’mirlash-tiklash loyihasini amalga oshirish uchun 4 ta ekskavator, 1 dona maxsus agregat va 1 dona buldozer transportlari hamda 11 kishi jalb etilgan. Meliorativ ob’ektlarning hajmiga qarab, xuddi shunday texnika va ishchi kuchi jalb etiladi, – deydi “Jizzax suv qurilish invest” davlat muassasasi yetakchi mutaxassisi Zohid Akromov.    

Press-tur ishtirokchilari Jizzax viloyatidagi meliorativ ob’ektlarda amalga oshirilayotgan ishlarni Do‘stlik tumani misolida ko‘rishdi. Kollektor-drenajlar tozaligini ta’minlash qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan mo‘l hosil olish garovi ekaniga yana bir bor amin bo‘lishdi.   

A.QAYUMOV,  J.YORBEKOV (surat), O‘zA