English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident qarori ijroda: 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari quriladi
19:52 / 2023-02-21

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 dekabrdagi “Fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalarining samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Energetika vazirligi Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha “Huaneng renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalar konsorsiumi bilan hamkorlik haqida kelishuv imzoladi.

Ushbu kelishuvga asosan “Huaneng renewables Corporation” hamda “Poly Technologies”  kompaniyalari konsorsiumi tomonidan O‘zbekistonga 2 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi.

Jizzax va Toshkent viloyatlarida barpo etilishi rejalashtirilgan mazkur quyosh fotoelektr stansiyalarining ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar ishga tushadi. Stansiyalar kelgusi 2024 yilda to‘liq quvvatda ishlaydi. E’tiborga molik tomoni, ushbu quyosh fotoelektr stansiyalarining bunyod etilishi natijasida yiliga 5 milliard kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 1,3 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Ma’lumot uchun, joriy yil 15 fevral kuni Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida ham umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha Xitoyning “CEEC ENERGY CHINA” kompaniyasi bilan anglashuv memorandumi imzolangan.

A.QAYUMOV, O‘zA