English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident bilan uchrashuv hayotimdagi eng muhim voqea bo‘ldi
13:46 / 2023-01-01

Davlatimiz rahbarining “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!” mavzusidagi zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasi doirasida o‘qituvchilar bilan bo‘lgan uchrashuvi nafaqat men, balki barcha hamkasblarim uchun nihoyatda hayajonli kechdi. Aytish joizki, bu voqea butun mamlakatimiz o‘qituvchilari uchun tarixiy kun bo‘ldi.

Negaki, Prezidentimiz hali biror soha vakillari bilan bir davrada, bir piyola choy ustida suhbatda bo‘lmagan ekanlar. Bu albatta, yurtimizda o‘qituvchiga bo‘lgan e’tibor va e’zozning yana bir yorqin namunasidir.

Uchrashuv jarayonida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, bu borada ayni paytda sohada mavjud muammolar va ularni bartaraf etish borasida qizg‘in va samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi.  

Ma’lumki, mamlakatimizda keyingi yillarda yuzlab yangi maktablar qurildi. 500 ming o‘quvchi uchun qo‘shimcha o‘rinlar yaratildi.  7 mingdan ortiq zamonaviy kompyuter xonalari tashkil etildi. Sharoit bilan birga ta’limning mazmunini, metodologiyani o‘zgartirish choralari ko‘rilmoqda. Birinchi bosqichda boshlang‘ich sinf darsliklari yangilanmoqda.

2023 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi 1 tadan, jami 14 maktabning 1-4 sinflarida Finlyandiya ta’lim tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.  

Bizning umumta’lim maktabimiz ham viloyatda tajriba-sinov tayanch maktabi sifatida belgilangan bo‘lib, ayni paytda jarayonlarga qizg‘in tayyorgarlik olib borilmoqda. Tajriba-sinov jarayonlariga maktabning 7 ta boshlang‘ich sinfi jalb etilgan bo‘lib, ularga 7 nafar trener-o‘qituvchilar biriktirilgan.

Uchrashuv jarayonida ana shu masalaga ham alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, o‘qituvchilarning pedagogik salohiyatini yuksaltirish, ota-onalarning ta’lim jarayoniga bo‘lgan munosabati, mas’uliyatini oshirish, maktab rahbarlarining zamon bilan hamqadam bo‘lishiga erishish kabi bir qator dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tildi.  

Yurtboshimizning “Bir haqiqatni hech qachon unutmanglar: xalqimiz o‘z kelajagini sizlarga ishonib topshirgan. Kelajagimiz qanday bo‘lishi avvalo sizlarga bog‘liq. Bu yo‘lda Prezident sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi!” degan so‘zlari barcha pedagoglar qatori mening ham qalbimni faxrga to‘ldirdi. Zimmamdagi mas’uliyat naqadar muhimligini yanada teranroq angladim va bu meni endilikda yangicha kuch-g‘ayrat va fidoyilik bilan ishlashga undaydi.  

Iroda Jo‘rayeva,  

Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi 22-umumta’lim  

maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi