
Toshkent tumanida fuqaro o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini o‘zgartirib berishi uchun tergovchiga 400 AQSH dollari miqdorida pora bergan vaqtida daliliy ashyo bilan ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, avvalroq Toshkent tumanida yashovchi fuqaro M.M. (tadbirkor), o‘ziga tegishli 35 sotix issiqxonada 61 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlanib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi tegishli moddasi bilan ayblov e’lon qilingan. Oradan vaqt o‘tgani sabab ushbu shaxs vaziyatdan jazosiz chiqib ketishni maqsad qilib ishni ko‘rayotgan tuman IIB tergovchisiga pora taklif qila boshlaydi.

IIB xodimi bildirgisiga asosan IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi, Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.M. tergovchiga taklif qilgan pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Musayev,
O‘zA.