English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pekin sammitga tayyor: Mashhur shahardan maxsus fotoreportaj
11:39 / 2023-10-17

Xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turgan O‘zA muxbiri dunyoning eng mashhur shaharlaridan biri, “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro sammitiga mezbonlik qiladigan Pekindan maxsus fotoreportaj tayyorladi.

Xabar berganimizdek, megapolisda ushbu anjuman doirasida ko‘plab siyosiy, madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, mazkur tashabbus g‘oyasi ortidan jahonning yuzga yaqin jurnalistlari uchun seminar-treninglar uyushtirilyapti.

Fotoreportajni Pekin shahri haqidagi qisqacha ma’lumot bilan boyitsak…

Pekin global shahar, madaniyat, diplomatiya, siyosat, moliya, biznes va iqtisod, ta’lim, tadqiqot, til, turizm, media, sport, fan va texnologiya, transport sohalarida dunyodagi yetakchi markazlardan biri.

[gallery-14062]

Megapolis sifatida Pekin Shanxaydan keyin shahar aholisi bo‘yicha ikkinchi yirik shahar. Bu yerda Xitoyning aksariyat yirik davlat kompaniyalari shtab-kvartirasi joylashgan va dunyodagi eng mashhur kompaniyalardan biri – “Fortune Global”ning ofislari, shuningdek, jami aktivlari bo‘yicha dunyodagi eng yirik to‘rtta moliya instituti joylashgan.

Shuningdek, shahar milliy avtomagistral, tezyurar, temir yo‘l va tezyurar temir yo‘l tarmoqlari uchun asosiy markaz hisoblanadi. Pekin xalqaro aeroporti 2010 yildan beri yo‘lovchi tashish bo‘yicha dunyoda ikkinchi. 2016 yil holatiga ko‘ra, shahar metrosi tarmog‘i dunyodagi eng gavjum va uzunligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Bundan tashqari, Pekindagi ikkinchi xalqaro aeroport – “Beijing Daxing” dunyodagi eng yirik yagona tuzilmali aeroport terminalidir.

Xitoy tarixi boy, madaniyati go‘zal mamlakat.

Yigirmanchi asr boshlarida mamlakatda tez-tez sodir bo‘lgan siyosiy o‘zgarishlarga qaramay, shahar Xitoyning eng gullab-yashnayotgan madaniy markazi bo‘lib qoldi. Shahar 1949 yilda Xalq Respublikasi poytaxti etib belgilangandi. Darhaqiqat, kam sonli shaharlar aholisi va geografik hududi, sanoat va boshqa faoliyat turlarining bunday tez o‘sishiga erishgan. Qadimgi madaniyatning tarixiy yodgorliklarini ham, yangi shahar qurilishini ham o‘zida jamlagan holda, tez tayyorlanadigan franchayzlardan tortib xorijlik sayyohlar va korporativ sayohatchilar uchun hashamatli mehmonxonalargacha, u zamonaviy Xitoyning ko‘rgazma maydoniga va dunyoning buyuk shaharlaridan biriga aylandi.

Bugun Pekin yirik tashabbuslar ijrochisi sifatida butun dunyoga ochilmoqda. “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro sammitining navbatdagisi, aynan, shu yerda bo‘ladi. 17-18 oktyabr kunlari davlat rahbarlari ishtirokida o‘tadigan anjuman hamkorlikning yangi bosqichini belgilab beradi.

 

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA