
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining III Plenumi bo‘lib o‘tdi. Plenumda partiyaning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi tashviqotidagi ishtiroki to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Plenumda partiya rahbari Alisher Qodirov yangilanayotgan Konstitutsiyamiz borasida ma’ruza qildi:
— bugungi kunda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlar ketmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi qariyb bir yil davomida muhokama etilib, xalqimiz takliflari asosida yangilanmoqda. Xususan, 220 mingdan ziyod takliflarga tayanilib, amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanayotganini alohida ta’kidlash joiz. Uning umumxalq referendumi asosida qabul qilinishi esa yanada xalqchil bo‘lishiga, chin ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga xizmat qiladi.
Ma’lumki, O‘zMTDP Konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuskorlaridan biridir. Umumxalq muhokamalarida partiyamiz faollari, deputatlarimiz faol ishtirok etib, ko‘plab takliflar berdi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada partiya g‘oyalariga hamohang bo‘lgan o‘nlab normalar kiritilmoqda. Xususan, partiya uchun eng ustuvor bo‘lgan masala – ta’lim-tarbiya va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshirilmoqda.
[gallery-11130]
Maktabgacha ta’lim va tarbiya ham davlat nazoratida bo‘lishi, o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmati konstitutsiyaviy norma bilan himoya qilinishi shular jumlasidandir. Shuningdek, Bosh qomusda mahalliy davlat hokimiyati organlarida hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish amaliyoti tugatilib, Kengashlarga hokimdan mustaqil bo‘lgan alohida Kengash raisi rahbarlik qilishi bo‘yicha kiritilayotgan norma ham “Milliy tiklanish” tomonidan bir necha yillardan buyon ilgari surib kelinayotgan tashabbus edi, — dedi partiya yetakchisi.
Plenumda referendumga tayyorgarlik ko‘rish, bunda partiya tashkilotlari va faollarining ishtiroki masalasi qizg‘in muhokama qilindi. Partiya faollari, barcha darajadagi deputatlardan iborat ishchi guruhlari tashkil etilib, ular ishtirokida joylarda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazish, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hamda referendum mazmun-mohiyatini targ‘ib-tashviq qilish lozimligi ta’kidlandi. Bu borada aniq vazifalar belgilab olindi. Bu jarayonda partiyaning samarali ishtirokini ta’minlash uchun Markaziy va hududiy shtablar tashkil qilingani va ommaviy tadbirlar, targ‘ibot uchrashuvlari rejasi tasdiqlangani aytildi.
Shuningdek, Plenumda partiyaning 2022 yil yakunlari ham tanqidiy tahlil qilinib, 2023 yildagi asosiy yo‘nalishlar ham belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA