
Shu kunlarda Vatanimiz Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning turli hududlarida bayram tadbirlari boshlanib ketdi. To‘yga to‘yona bilan, deganlaridek joylarda yangi inshootlar foydalanishga topshirilmoqda.
O‘zbekiston Milliy bog‘ining yangi qiyofada, qo‘shimcha qulayliklarga ega bo‘lgan holda qayta ish boshlagani haqidagi xabar hamyurtlarimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni bog‘da amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda nuroniylar, adabiyot va san’at namoyandalari bilan samimiy suhbatlashdi.
Uchrashuvdan so‘ng bir qator yurtdoshlarimizni suhbatga chorladik.
Gavhar ZOKIROVA,
O‘zbekiston xalq artisti:
– Mustaqillik bayrami oldidan yaxshi yangiliklar ko‘p bo‘lyapti, odam bularni ko‘rib juda xursand bo‘lib ketadi. Yaqinda Samarqandga bordik. “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilish marosimida qatnashdik. Ko‘nglimiz hayrat va hayajonga to‘ldi. Bu oddiy markaz emas, uning tarkibida tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress xoll bor ekan. “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va yana ko‘plab inshootlarni aytmaysizmi?! Samarqand taassurotlari, hayajoni hali bosilgani yo‘q edi. Prezidentimiz bilan bugungi uchrashuvdan, O‘zbekiston Milliy bog‘ining yangi qiyofada ochilganidan juda xursandmiz. Xursandchiliklarimiz xursandchilikka ulanaversin, ilohim.
Bu joy hammamizga qadrli, ko‘p xotiralar bor bu yerda. Bog‘ni sayr qilar ekanmiz o‘sha oldingi ruhni saqlab qolishga, maskanga zamonaviylikni mohirlik bilan uyg‘unlashtirishga erishganiga guvoh bo‘ldik. Quvonarlisi, daraxtlar kesilishiga yo‘l qo‘yilmagan, ularni saqlab qolish choralari ko‘rilgan. Shaharga suv, sersoya daraxtlar juda kerak. To‘g‘risi, ba’zilarda bog‘ hududidagi daraxtlar, ko‘llar nima bo‘ldi degan xavotirli savol ham yo‘q emasdi. Mana bugun hammasi oldingidan ham go‘zal bo‘lib qaytganiga guvoh bo‘lib turibmiz.
Prezidentimiz bu yerda avvalgidek mushoiralar, konsertlar o‘tkazish, yana kinolar olish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. O‘ylaymanki, endi bog‘ oldingidan ham fayzli va gavjum bo‘ladi.
Go‘zal RAHMONQULOVA,
Yangi hayot tumanidagi Iqbol mahallasi yoshlar yetakchisi:
– Bog‘ juda chiroyli bo‘lgan, mehmonlar uchun qulayliklar juda ko‘p. Bu yerni sayr qilib ilhomlanmay iloj yo‘q. Men shu tuyg‘uni tuydim. Yoshlarning bir vakili, o‘z mahallamda yoshlar yetakchisi sifatida tengdoshlarimni bu yerga chorlab qolaman. Mahallamizda «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida olib borilayotgan tayyorgarlikni shu yerda o‘tkazishni o‘ylayapman. Chunki bu yerda – keng, salqin joyda, suv bo‘yida shaxmat, shashka, stol tennisi musobaqalarini o‘tkazish uchun barcha sharoit bor. Bu ham olimpiadaga tayyorgarlik, ham madaniy hordiq bo‘ladi.
Zulfiya TOSHMATOVA,
Chilonzor tumanidagi Ko‘rkam mahallasi raisi:
– Bu bog‘ga oila a’zolarimiz, do‘stlarimiz bilan sayrga kelishimiz kerak. Bu yerga o‘rnatilgan har bir jihoz, har bir buyum ko‘p o‘ylab, mulohaza qilib o‘rnatilgan. E’tibor berib qarasam, oldin uchta fantan bo‘lardi, bugun ularning soni beshta. Ko‘lning loyqalanmasligi uchun ham o‘ziga xos choralar ko‘rilgan – maxsus qoplamalar to‘shalibdi. Qirg‘oqlar ancha tartibga keltirilgani, cho‘milish havzasi me’yor bo‘yicha tashkil etilgani e’tiborga molik. Ko‘priklarni yaxshi eslayman, ular ancha baland edi. Bu bizga – keksalarga sal noqulay edi. Yangi ko‘priklar oldingilariga qaraganda ancha past, keng va mustahkam qilinibdi.
Bog‘ hududida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillar olib borilgan qurilish ishlari tahsinga sazovor. Bu joy nafaqat ko‘ngilochar istirohat bog‘i, balki ma’rifat o‘chog‘iga ham aylanmoqda. Bu yerga kelgan kishi Adiblar xiyoboni, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosi, Toshkent shahar tarixi muzeyi, “Magic sity” ko‘ngilochar markazi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Bu bog‘ xalqimizga Mustaqillik bayramimizning 31 yilligi oldidan o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi.
Ko‘pchilik suhbat asnosida bu bog‘ni ta’mirlash va obodonlashtirishdan avval uning tarixiy qiyofasini saqlab qolish, bu yerda milliy an’analarimizga xos muhit yaratish zarurligi haqidagi Prezidentimiz bildirgan fikrlarini yodga oldi.
O‘zA muxbiri
Ikrom AVVALBOEV
yozib oldi