English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zgidromet: "Chang bo‘roni" chekingani yo‘q
23:00 / 2023-09-11

Ayni damda O‘zgidromet kuzatuv natijalariga ko‘ra Toshkent shahrida ayni vaqtda (20:00-21:00) havoning mayda chang zarralari (RM 2,5) bilan ifloslanishi quyidagicha:

- Yunusobod tumani “Bodomzor” yo‘lida –41 mkg/m3;  

- Chilonzor tumani Xalqlar do‘stligi maydonida –50 mkg/m3.

Xabarga ko‘ra, ushbu hududlarda havodagi chang miqdori AQI – RM 2,5 ko‘rsatkichi bo‘yicha havoning “nozik guruhlar uchun nosog‘lom” darajadagi ifloslanish toifasiga kiradi.

O‘zgidromet 11 sentyabr kuni uchun ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha, shimol, janub va cho‘l hududlarda esa 21−23 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda shamol chang-to‘zon bilan kuzatilishini, harorat +29…+32 daraja bo‘lishini ma’lum qilgandi. 

Soat 18:30 holatiga ko‘ra, IQair reytingida dunyo shaharlari orasida havoning iflosligi bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.

“O‘zgidromet” rahbari Sherzod Xabibullayevning xabar berishicha, tunda yomg‘ir yog‘ishi hisobiga changlar bosilishi va zararsizlanishi kutilmoqda ekan.  

Xo‘sh, “chang bo‘ronlari” sharoitida nima qilish kerak? 

Ko‘chaga iloji boricha kamroq chiqish, faqat juda zarur bo‘lgan hollarda (oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon xarid qilish, tibbiy yordam olish uchun va boshqalar) ko‘chaga kuniga bir marta tibbiy niqob taqib chiqish mumkin.  

Yoshi kattalar, homiladorlar, yosh bolalar hamda surunkali kasalliklardan aziyat chekayotganlar, jumladan, bronxial astma, allergik rinit, allergik konyuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yo‘tal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yo‘li surunkali kasalliklari, yurak qon-tomir kasalliklari bor insonlar iloji boricha uyda o‘tirishlari tavsiya etiladi.  

Ko‘chadan uyga qaytgach quyidagi tavsiyalarga amal kilish lozim:  

- kirishda kalit, ko‘zoynak, telefon, sumka, ustki kiyim va xaridni qoldirish;  

- qo‘lni iliq oqar suvda sovunlab yuvish; ungacha qo‘lni yuz-ko‘zlarga tekkizmaslik;  

- dush qabul qilish (alabatta sochni va yuz-ko‘zlarni yaxshilab yuvish);  

- kalit, ko‘zoynak, telefon va sumkani namlangan salfetka bilan yaxshilab artish;  

- xaridning turiga qarab oqar suv ostida yuvish (sabzavot, ho‘l meva, ko‘katlar, tuxum va boshqalar);  

- agar mahsulotlar qadoklangan bo‘lsa, qadoq yuzasini namlangan salfetka bilan yaxshilab artish;  

- ko‘chaga kiyib chiqqan kiyimlarni yuvish; ustki kiyimlarni (kostyum, pla, palto va boshqalar) maska taqqan holda tashqarida yaxshilab qoqish.  

- nim ta’sir etuvchi tuzli suv bilan tomoq va burunlarni tez-tez chayish;  

- ko‘proq suyuqlik (iliq) ichish, iloji bo‘lsa ko‘k choy, na’matak damlamasini ichish;  

- yog‘li, qovurilgan, dudlangan, tuzlangan, sho‘r, achchiq taomlarni cheklash;  

suyuq sabzavotli taomlar, sut va sut mahsulotalari (qatiq, kefir va boshqalar), ko‘katlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Ma’lumot uchun, Toshkent havo sifati indeksini www.iqair.com  orqali onlayn tekshirib turish mumkin. Kun davomida Toshkentdagi havo sifati indeksi "153"gacha ko‘tarilgan va bu ko‘rsatgich nafaqat allergik kasalligi bor yoki sezgir insonlar uchun, balki sog‘lom insonlar uchun ham xavfli hisoblanadi. Bunday havoda o‘zingiz va yaqinlaringizni zararlanishdan asrashni tavsiya qilamiz.

M.Turdaliyeva O‘zA