English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zgarishlar o‘zimizdan boshlanishi lozim
11:16 / 2022-12-29

Har yili Yangi yil bayrami arafasida o‘z oldimizga yangi rejalar, maqsadlarni qo‘yish, o‘tgan yillarni sarhisob qilish ezgu amalga aylangan. Bu – yaxshi an’ana. Sababi, rejali ish xayrli tadbirlarimizning, yilimizning unumli, barakali bo‘lishini ta’minlaydi. 2023 yil ostonasida katta maqsadlarni ko‘zlashimiz esa amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lishi, yangicha yashash va yangicha fikrlashga undashi bilan ham ahamiyatlidir.

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasini tinglab ana shular haqida o‘yladim.

Murojaatnomada nafaqat yangi yilda, balki yaqin yillarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berildi. Eng e’tiborli jihati, 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berilishi zimmamizdagi mas’uliyatni o‘n karra oshiradi.

“Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi” deya alohida ta’kidladi Prezident. Buning ma’nosi shuki, bugungi tahlikali davrda, munosabatlar sayozlashgan, o‘zaro ishonchga darz ketgan bir paytda bizga nima qalqon, tayanch bo‘ladi? Albatta, bilim. Bilim esa tarbiya va ta’lim natijasida yuzaga chiqadi.

Yugurik davr borgan sari jadallashib bormoqda. Ilm-fan, texnika shiddat bilan rivojlanmoqda. Jahon maydonida o‘z o‘rnimizni topishimiz bugun tayyorlayotgan mutaxassislarimizning ilmu salohiyati va tajribasiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Biz ulug‘ allomalarimiz, hozirgi taraqqiyotning tamal toshini qo‘ygan bobolarimizning ilmiy merosi bilan faxrlanibgina qolmasdan, ularning munosib davomchisi bo‘lgan avlodni kamolga yetkazish masalasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim. Bundan anglash mumkinki, zimmamizdagi mas’uliyat yuki zalvorli, og‘ir.

Ana shu mas’uliyatning yukini his etgan Prezidentimiz pedagoglarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘qituvchining obro‘-e’tiborini oshirish kun tartibidagi masalaga aylandi. Bu mavzuning nechog‘li dolzarbligini uning o‘zgarayotgan Konstitutsiyamizda ham belgilab qo‘yilayotganidan ham bilish mumkin. To‘g‘ri-da, o‘qituvchi qachonki o‘z kasbidan rozi bo‘lsa, faqat o‘z ishi bilan shug‘ullansa, bor kuch-g‘ayratini darsiga bag‘ishlaydi, shogirdlariga puxta bilim beradi. Axir Behbudiy hazratlari: “Sizlarg‘a vasiyat qilaman. Maorif yo‘lida ishlaydurg‘on muallimlarning boshini silangizlar! O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar!” deya bejizga bong urmagan.

Integratsiya  - taraqqiyot formulasi

Prezident Murojaatnomasida qayd etilgan bir jihat dilimizga tugib yurgan maqsadlarga hamohangdir.

– Hozirgi ochiqlik siyosati, chet el investitsiyalari va yangi korxonalarning ortib borayotgani, – dedi davlatimiz rahbari, - yoshlarimizni zamonaviy bilimlar va xorijiy tillarni o‘rganishga undamoqda. Shu bois, maktablarga yuqori malakali xorijiy o‘qituvchilarni olib kelishga majbur bo‘lyapmiz.

Darhaqiqat, mamlakatimiz taraqqiy etib borgani sari zamonaviy dastgohlarni, qurilmalarni boshqarish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan mahalliy mutaxassislarga ehtiyoj tobora ortmoqda. Bu nimadan dalolat beradi? Avvalo, ta’lim sifati va samaradorligini yaxshilash uchun o‘qitish metodikasini o‘zgartirishimiz lozim bo‘ladi. Yana bir gap. Bugun oliy ta’lim muassasalari sanoatdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni tobora mustahkamlab borishi zarur. Bu o‘z navbatida, ko‘plab o‘quv qo‘llanmalar va darsliklarni ana shu korxonalardagi texnologiyalar, laboratoriyalar asosida shakllantirishni taqozo qiladi. Davr shiddat bilan o‘zgarayapti. Yurtimiz sanoati kun sayin rivojlanyapti, xorijdan yangidan-yangi texnologiyalar kirib kelyapti. Bizning kadrlar ularni bemalol boshqara olishi uchun ham o‘qitish metodlarimizni faqat nazariy emas, ko‘proq amaliy jihatdan kuchaytirishimiz lozim. Zamon bilan hamqadam bo‘lmasak, orqada qolamiz.

Shuning uchun ham bugungi kunda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, mustahkamlash, uzviyligini ta’minlash muhim masalaga aylandi. Ana shu maqsadda Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, yurtimizda ilk bor neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasteriga asos solindi. Xo‘sh, bu bizga nima beradi?

Avvalo, neft va gaz sohasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasi ta’minlanadi, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalar, jumladan zamonaviy ta’lim texnologiyalari tatbiq etiladi. Buning natijasida neft va gaz sohasi uchun ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojlaridan kelib chiqib, zamonaviy talablar asosida xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish yo‘lga qo‘yiladi. Yana bir afzalligi – yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy loyihalar amalga oshiriladi.

O‘qituvchining o‘rni o‘zgacha 

Bugun institut 50 dan ortiq xorijiy ta’lim muassasalari bilan ta’lim va ilm-fan yo‘lida hamkorlik qilib kelmoqda. Munosabatlarimiz, asosan, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish, yosh o‘qituvchilarning stajirovkalarini, talabalarning amaliyotini tashkil etish, birgalikda xalqaro ilmiy anjumanlarni o‘tkazish, hamkorlikda yozilgan ilmiy maqolalarni jahondagi nufuzli nashrlarda chop ettirish kabi yo‘nalishlarda kechmoqda.

Bunday hamkorlik oliygohlarimiz uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Shunday bo‘lsa-da, bu borada bizning pozitsiya boshqacha. Biz, asosan, yosh olimlar, tadqiqotchilarning nufuzli xorijiy universitetlarga stajirovkalarini ko‘proq tashkil etish kerak, deb hisoblaymiz. Xo‘sh, buning ahamiyati nimada?

Birinchidan, o‘qituvchilarimizning zamonaviy laboratoriyalarda mashg‘ulot o‘tkazish borasidagi malakasi, yangi texnologiyalarni boshqarish bo‘yicha tajribasi oshadi. Ilmiy-tadqiqot ishlarini chet elda tadqiq etish, himoya qilish ko‘nikmasi ortadi.

Ikkinchidan, ma’nan eskirgan darsliklar, o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgan laboratoriya jihozlaridan voz kechish fursati yetgan bir paytda, ular o‘rnini egallaydigan yangi avlod darsliklarini yaratish jadallashadi.

Uchinchidan, o‘qitish metodlarimizni xorij tajribasi asosida modernizatsiya qilish imkoniyatlari kengayadi. Bu o‘z navbatida, mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlarni yetkazib berish borasidagi ko‘rsatkichlarimiz oshishiga xizmat qiladi.

Eng muhimi, yuqoridagi jihatlarning barchasi, pirovardida, yurtimizda ta’lim sifati va samaradorligi yanada yaxshilanishiga zamin yaratadi. Buning uchun esa poydevor, ya’ni boshlang‘ich ta’lim mustahkam bo‘lishi lozim. Prezident murojaatnomasida nafaqat boshlang‘ich, balki maktabgacha ta’limni tubdan isloh qilish lozimligi aytib o‘tilgani va uning amaliy yechimlari ko‘rsatib berilganligi shundan. 

Moliyaviy erkinlik – mas’uliyatdir

Yangilanayotgan O‘zbekistonda oliy ta’lim ravnaqiga ham alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqdaki, bu sohani kompleks tarzda rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Birgina moliyaviy mustaqillik berish borasida olib borilayotgan ishlarga e’tibor qarataylik. Bosqichma-bosqich hayotga ko‘chayotgan ushbu tamoyil oliygohlarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlab, ularning zamon andozalari asosida faoliyat yuritishiga zamin yaratmoqda.

Bu yangilanishlar Asosiy qonunimizda ham o‘z ifodasini topmoqda. Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan 411-moddada har kim davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli ekanligi belgilandi. Va modda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada o‘zini o‘zi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega bo‘lishini ta’minlaydigan band bilan to‘ldirildi. Bundan tashqari, davlat ilm-fanni rivojlantirishga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishi yozib qo‘yildi. 

Birgina misol, 2022 yilda yurtimizda ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2023 yilda ushbu maqsadlar uchun 1,8 trillion so‘m ajratiladi. Shuningdek, nano va biotexnologiyalar, raqamli geologiya kabi 18 ta yangi ilmiy yo‘nalish tashkil etildi.

Bugun oliy ta’lim muassasalari oldida turgan asosiy vazifa malakali, mehnat bozorida raqobatbardosh, yetuk kadrlarni tayyorlashdan iborat. Oliygohlarga moliyaviy mustaqillik berilishi ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitining shakllanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezident murojaatnomasida mamlakatimizda 41 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berilgani ta’kidlandi hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor va o‘qituvchilar bu jarayonlarda faol bo‘lishlari, yangi, ilg‘or metodikalarni joriy qilishlari kerakligi uqtirildi. Shu sababli institutda ham moliyaviy va akademik mustaqillikka erishish yo‘lida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu o‘z navbatida, ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda muhim, zalvorli qadam bo‘ladi. 

Sifatli ta’lim poydevori

Bilasizmi, ta’lim sifati qayerdan boshlanadi? Mukammal dars amaliyotidan yoki laboratoriya mashg‘ulotidan, dersiz. Bu ham to‘g‘ri. Menimcha, sifatli ta’lim o‘qituvchining qalbidan, yuragidan boshlanadi. Uning mehr qo‘ridan rivojlanadi.

– Maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri bo‘ladi. O‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarur, deb hisoblayman, dedi davlatimiz rahbari murojaatnomada. 

Darhaqiqat, yangilanayotgan Bosh qomusimizning 41-moddasiga “Pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi hamda mas’uliyatli vazifasidir” degan normani kiritish taklifi bildirildi. Bu xalqimizning azaliy qadriyati, ezgu an’analarining tiklanishiga huquqiy asos bo‘ladi. Axir ming yillardan buyon aytib kelingan va yana necha yillar o‘z qadrini yo‘qotmaydigan birgina “Ustoz otangday ulug‘” degan kalom hali unutilgan emas. Hamon davralarning to‘ri — o‘qituvchilarniki.

Bir so‘z bilan aytganda, sifatli ta’limni ta’minlash birgina omilga bog‘liq emas, balki u keng miqyosdagi jarayonni qamrab oladi. Shunday bo‘lsa-da, asosiy yuk, mas’uliyat biz pedagoglarning zimmamizda bo‘lib qolaveradi. Bizdan talab qilinadigani – mas’uliyat, yangilikka intilish, yangicha fikrlash. Demak, o‘zgarishlarni, avvalo, o‘zimizdan boshlashimiz lozim.

Orifjon Bozorov, 

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori

O‘zA