
Respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimida 2022 yilda 304,1 milliard so‘mlik 118 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi.
Qayd etilishicha, tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,6 million so‘mni tashkil etgan. Sotilgan avtoraqamlarning 91 foizi — jismoniy shaxslar, 9 foizi — yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan.
O‘tgan davrda sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 494,9 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa —348 million so‘mni tashkil qildi.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 5 foizi — birinchi toifadagi avtoraqamlar, 8 foizi — ikkinchi, 8 foizi — uchinchi, 11 foizi — to‘rtinchi, 22 foizi — beshinchi va 46 foizi — oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (31 foiz) Samarqand va Qashqadaryo (8 foizdan), Namangan, Andijon va Surxondaryo (7 foizdan), hamda Xorazm (6 foiz) viloyatlarida xarid qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80 foizi – Davlat byudjetiga, 20 foizi – Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA