English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va BMT: atrof-muhit muhofazasini kuchaytirish yo‘lidagi hamkorlik
17:54 / 2023-04-03

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Nyu-Yorkdagi qarorgohida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda maqbul yechim sifatida chiqindining nol darajasi roli” mavzusida Bosh Assambleyaning yuqori darajadagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Turkiya hukumati, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha (YUNEP) va aholi punktlari dasturlari ko‘magida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov ishtirok etdi.

Majlisda ma’ruza qilgan B.Alixonov Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni boshqarish va qayta ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilganini qayd etdi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi va 2030 yilgacha “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi qabul qilindi. Shu asosda aholiga qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishni 100 foizga yetkazish, hosil bo‘ladigan maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizga oshirish, shuningdek, “aylanma iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilayotir.

Mazkur chora-tadbirlar maishiy chiqindilarni poligonlarga tashlash hajmini 60 foizgacha kamaytirish, 200 dan ortiq chiqindi poligonlari yerlarini to‘liq o‘zlashtirish, yashil hududga aylantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

Majlisda O‘zbekiston 2022 yilda Metan chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha global majburiyatlarga qo‘shilgani va 2030 yilga borib ularning hajmini 30 foizga kamaytirishni maqsad qilgani ma’lum qilindi.

Joriy yil boshida O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda birinchi marta chiqindi gazini ikki yirik poligonda elektr energiyasiga aylantirish loyihasi ishga tushirilgani mamlakatimizning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga qat’iy intilayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Tadbir yakunida chiqindilarni birgalikda o‘zaro manfaatli va samarali boshqarish bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Shuningdek, O‘zbekistonning BMT va a’zo davlatlar bilan mas’uliyatli ishlab chiqarish va iste’molni ta’minlash sohasida, shu jumladan, “Nol chiqindi” tashabbusini ilgari surishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligi bildirildi.

O‘zA