English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — davlat xizmatining huquqiy poydevoridir
15:26 / 2022-12-07

Inson manfaatlari har narsadan ustun ekani jamiyat farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z ifodasini topmoqda. Bunda fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlovchi qonunlar alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, joriy yilning 9 noyabr kuni kuchga kirgan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda. Bunda, davlat fuqarolik xizmati tizimida davlat fuqarolik xizmatchilarini markazlashtirilgan tarzda tanlab olish, hisobga olish, joy-joyiga qo‘yish, ularning mehnatiga haq to‘lash, kasbiy kompetensiyasini oshirish va xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarish mexanizmlarining yagona tashkiliy-huquqiy majmui belgilangan.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida har bir fuqaro Konstitutsiyada kafolatlangani kabi o‘z bilimi, kasbiy tajribasi va malakasiga tayangan holda davlat xizmatiga ishga kirish imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunining 6-bobida davlat fuqarolik xizmatiga kirish tartibi va shartlari aniq belgilangan.

Mazkur tartib va shartlarni mamlakatimizda tatbiq etishdan oldin bir qator xorijiy davlatlar amaliyoti o‘rganilgan bo‘lib, milliy an’anamizga mos keladigan jihatlari amaliyotga joriy etilgan. Xorij davlatlarida davlat xizmatchilarining tanlov asosida tanlab olinishiga alohida e’tibor beriladi va bu tizim keng tatbiq etilgan.

Misol sifatida, Germaniyada davlat xizmatiga kirishda barcha shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratib beriladi. Jumladan, Germaniya Konstitutsiyasiga binoan har bir nemis fuqarosi o‘zining qiziqishlari va kasbiy malakasiga qarab har qanday davlat mansabini egallashi mumkin.

Davlat xizmatidagi ma’lum bir mansabga tanlov - jinsi, kelib chiqishi, irqi, dinga munosabati, diniy va siyosiy qarashlaridan qat’i nazar, kasbiy malakasiga qarab amalga oshiriladi. Davlat xizmatidagi bo‘sh mansablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus yozma nashrlarda berib boriladi. Davlat xizmatchilari o‘zlarining xizmat daraja (rang)lariga qarab 4 guruhga bo‘lingan:

Davlat xizmatchilari o‘zlarining xizmat daraja (rang)lariga qarab 4 guruhga bo‘lingan:

— quyi darajadagi xizmat (Einfacher Dienst);

— o‘rta darajadagi xizmat (Mittlerer Dienst);

— yuqori darajadagi xizmat (Gehobener Dienst);

— oliy darajadagi xizmat (Hoherer Dienst).

Aniq bir darajadagi mansabni egallashda davlat xizmatida quyidagi talablar qo‘yilgan:

— davlat xizmati darajasiga qarab boshlang‘ich ta’lim;

— davlat imtihonini topshirish bilan tugallanadigan doimiy va har tomonlama tayyorgarlik;

— mansabga tayinlashdan avval sinov muddatini o‘taganlik;

— navbatdagi yuqori darajadagi mansabga talabgorning davlat imtihonini topshirganligi.

Yana bir xorij tajribasi sifatida Janubiy Koreya davlat xizmati tizimi ham o‘zining e’tiborli jihatiga ega.

Koreyada davlat xizmatchilarini 9 ta darajadagi lavozimlar bo‘yicha toifalarga ajratiladi. Mazkur davlatda 5-9 darajadagi xizmatchilardan faoliyat sohalari va turi bo‘yicha tayanch kompetensiyalar talab etiladi. 4-toifali va undan yuqori toifali davlat mansabdorlari alohida bilim, ko‘nikma va malakalar, metakompetensiya hamda boshqaruv faoliyati tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Hozirgi paytda davlat boshqaruvi sohasiga ishga qabul qilish ochiq holatda amalga oshiriladi. Bu jarayon imtihon sinovlari va ochiq tanlovlar orqali olib boriladi. Imtihonlarga universitetda yoki ochiq onlayn va offlayn kurslaridan olingan zaruriy bilim darajasiga ega shaxslar qo‘yiladi.

Imtihonlar bir necha turda olib boriladi: ish tajribasiga ega bo‘lmagan va ega bo‘lmagan shaxslar uchun tanlov asosidagi ochiq tanlov imtihon, shuningdek, nomzodlarda ish tajribasi borligini hisobga olgan holda tanlov asosida davlat xizmatiga qabul qilish.

Bunda imtihonlar nomzod qabul qilinishi mumkin bo‘lgan darajaga bog‘liq bo‘ladi, ya’ni martaba darajasidan kelib chiqib imtihon tashkil etiladi. Ishga qabul qilishning bunday ochiq shakli davlat boshqaruvi organlariga kerakli mutaxassislarni jalb qilish imkonini berdi. Bu davlat xizmatchilarining kasbiy mahorati va ular faoliyati samaradorligining umumiy darajasini oshiradi.

Koreyada davlat xizmatchilarini tanlov asosida imtihon qilish tajribasi e’tiborga loyiq.

Jarayon 12 soha bo‘yicha murakkab tanlovli imtihonlardan iborat bo‘lib, ular orasida iqtisod, ish boshqaruvi (menejment) va davlat administratsiyasi yo‘nalishlari asosiy hisoblanadi. Davlat mansabdor shaxslari lavozimi oshishining rivojlanish masalalari bilan fuqarolik xizmati bo‘yicha maxsus Komissiya markazlashgan holda shug‘ullanadi.

Xabaringiz bor «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati sohasida maxsus vakolatli organ etib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilangan.

Agentlik davlat xizmatini tartibga solish hamda tubdan takomillashtirish maqsadida davlat xizmatidagi xalqaro tajribaning ijobiy jihatlarini, xususan, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining malaka darajalari, milliy kadrlar zaxirasi, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi monitoring, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, davlat xizmatchilarining malakasini doimiy ravishda oshirishni e’tiborga olgan.

O‘zbekiston yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ymoqda, bundan keyin o‘z bilimi, tajribasi va malakasiga ishongan har kim davlat xizmatiga ishga kirishi hamda saylanadigan yoki alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlardan tashqari har qanday lavozimga da’vogarlik qilishi mumkin.

Agentlik faoliyatning bir namunasi sifatida davlat xizmatchilarini ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish jarayonidan misol keltirmoqchiman.

Hozirgi kunda, Respublikaning 72 ta vazirlik va idoralari hamda 208 ta tuman (shahar) hokimliklardagi mavjud 103 406 ta vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar e’lon qilinib, ushbu vakant lavozimlarga jami 1 278 607 nafar nomzodlar tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar topshirilgan. Hujjat topshirish bosqichidan tortib suhbat jarayonigacha bo‘lgan jarayonlar inson omili minimallashgan holda amalga oshiriladi.

Bu esa o‘z o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida belgilangan O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengligining amaldagi misoli sifatida ko‘rishimiz mumkin.

Kamol Tagayev, Davlat xizmatini

rivojlantirish agentligi bosh inspektori