
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi xodimlari Yangi yil bayrami munosabati bilan buxorolik zardo‘z usta, O‘zbekiston Qahramoni Muyassar Temirova xonadonida bo‘lib, undan hol so‘rashdi.
Samimiy suhbatda bugungi dorilomon kunlarga shukronalik, hunarmandlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik bosh mavzu bo‘ldi.
Buxorolik zardo‘z usta, O‘zbekiston Qahramoni Muyassar Temirova 82 yoshda bo‘lishiga qaramay, hunarini tashlab qo‘ygani yo‘q. Tikishlar qilib, shogirdlarini tarbiyalamoqda. 100 dan ziyod shogirdlari bo‘lgan zardo‘z opa 47 yildan buyon shu sohada mehnat qiladi. U tayyorlagan ishlari bilan 1972 yildan respublika va xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etadi. U yaratgan badiiy buyumlardan namunalar respublika va xorijiy mamlakatlar muzey va to‘plamlarida saqlanadi.

– Hunari bor insonlar hech qachon xor bo‘lmaydi, – deydi Muyassar Temirova. – Davlat rahbari ham hunarli insonlarni doimo e’zozlaydi. Buni birgina Buxoroda may oyida o‘tkazilgan Xalqaro “Zardo‘zlik va zargarlik” festivali misolida ham ko‘rish mumkin. Birinchi marotaba o‘tkazilgan mazkur festivalda shogirdlarim bilan qatnashdim, zardo‘z bo‘lganimdan cheksiz faxr tuydim.
Joriy yilda “Adabiyot” nashriyotida nashrdan chiqqan “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobining topshirilishi qahramon ayaning quvonchini o‘n karra oshirdi.

Ma’lumot uchun, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirish, Vatanimiz obodligi, turmushimiz farovonligini ta’minlash borasidagi katta xizmatlari, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda jadallik bilan olib borilayotgan tub islohotlar jarayonidagi tashabbuskorligi, davlat va xalq manfaatlari yo‘lidagi fidokorona mehnati, ishlab chiqarish va ijtimoiy-ma’naviy sohalardagi ko‘p yillik samarali va ibratli faoliyati, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan katta hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun 6 nafar buxorolik “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, oliy nishon – “Oltin yulduz” medali bilan taqdirlangan.
Zarif Komilov, O‘zA