English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Germaniya parlamenti: hamkorlik yanada rivojlanadi
10:03 / 2022-11-02

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati dunyoning barcha mamlakatlari, xususan, Yevropa davlatlari parlamentlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirmoqda.

Senatda Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagining “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik,  parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.  

Ikki mamlakat o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda, jumladan, savdo, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik munosabatlari kengayib bormoqda. Parlamentlararo aloqalar sur’ati sezilarli ravishda faollashdi.  

Oliy Majlisning Germaniya Bundestagi bilan imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi parlamentlar o‘rtasidagi munosabatlarda muhim o‘rin tutmoqda.  

Senat raisi Tanzila Norboyeva nemis parlamentarizmining boy tajribasi va an’analarini qayd etib, o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Buning muhim yo‘nalishi Yevropa Ittifoqining “Inter-Pares” loyihasi doirasidagi o‘zaro hamkorlik ekaniga urg‘u berildi. Parlamentning davlat boshqaruvi tizimidagi rolini oshirish borasida erishilgan ijobiy natijalar tufayli O‘zbekiston mintaqada ushbu dasturda ishtirok etgan birinchi davlat bo‘ldi.

Tomonlar bunday uchrashuvlar O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarida o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi yangi bosqichning boshlanishi bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.  

“Germaniya – Markaziy Osiyo” deputatlar guruhi raisi o‘rinbosari Robin Vagener Germaniya Markaziy Osiyo mintaqasining asosiy davlati – O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishini ta’kidladi.  

Bunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar, xususan, ochiqlik siyosati, tashqi iqtisodiy faoliyatning tubdan liberallashuvi, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar muhim rol o‘ynamoqda.  

Uchrashuvda Yevropa Ittifoqining parlamentlar salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha “Inter-Pares” loyihasi doirasida tajriba almashish, tegishli qo‘mitalar va do‘stlik guruhlari rahbarlari darajasida parlamentlararo aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA