
Ma’lumki, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlat-xususiy sheriklik asosida 100 ming o‘rinli yotoqxonalarni barpo etish va talabalarni turar joy bilan ta’minlash darajasini 60 foizdan oshirish belgilangan.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston milliy universitetida jami 2000 o‘rinli 4 ta talabalar turar joyi binolari qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu rejaga muvofiq yotoqxona qurilishi bo‘yicha e’lon qilingan tender asosida talabalar shaharchasida 1000 o‘rinli 12 qavatli barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy talabalar turar joyi binosi qurilishiga start berildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari, universitet rektori va tashabbuskor tadbirkor yangi talabalar turar joyi binosi quriladigan hududda bo‘lib, loyiha bilan yaqindan tanishdi.
Talabalar turar joyi binosining loyiha qiymati 86 milliard 400 million so‘mni tashkil etadi. Yotoqxonaning 1–2-qavatlari talabalarga servis xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashtiriladi. Bunda barcha turdagi maishiy xizmatlar, jumladan, “Book kafe”, kompyuter xizmati, axborot-resurs markazi va boshqa qulayliklar yaratiladi. Shuningdek, ushbu loyiha orqali 100 dan ortiq talabalarni ish bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, mazkur universitetda bugungi kunda 32,5 ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Shundan 20 mingga yaqini kunduzgi shaklda tahsil oladi. Ularning 11 mingdan ortig‘ida talablar turar joyiga ehtiyoj mavjud.
bugungi kunda muassasada 10 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, ularda jami 5 ming 130 nafar talaba istiqomat qiladi. Bu esa ehtiyojning o‘rtacha 40 foizga yaqinini tashkil etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA