Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Zamin xalqaro jamoatchilik fondi bilan birgalikda “O‘zbekistonning jahon ahamiyatiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi meroslarini global tizimda ro‘yxatdan o‘tkazish” loyihasini amalga oshirmoqda.
FAO axborot markazi xabar berishicha, Jahon miqyosidagi muhim qishloq xo‘jaligi merosi tizimi (GIAHS) nufuzli maqomiga birinchi ehtimoliy nomzod Farg‘ona vodiysidagi Marg‘ilon ipakchilik tizimi bo‘ladi.
Farg‘ona viloyatida ushbu loyihaning keng ko‘lamli kirish seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda FAO mutaxassislari, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Zamin xalqaro jamoatchilik fondi vakillari, milliy va xalqaro ekspertlar loyihaning mazmun-mohiyati, maqsad hamda vazifalari haqida so‘z yuritdilar.
Yangi loyihaning amalga oshirilishi mamlakatimizning noyob qishloq xo‘jaligi bioxilma-xilligi, barqaror ekotizimlar va qimmatli madaniy merosni o‘zida mujassam etgan holda O‘zbekistonning qator hududlaridagi noyob landshaftlarini asrab-avaylash va ushbu qishloq xo‘jaligi tizimlarini saqlab turishga ko‘maklashish imkonini berishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, ushbu loyiha yurtimizga Jahon miqyosidagi muhim qishloq xo‘jaligi merosi tizimi (GIAHS) xalqaro tarmog‘iga qo‘shilish imkonini beradi.
O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida mahalliy aholining madaniyati va an’anaviy bilimlariga singib ketgan noyob qishloq xo‘jaligi tizimlari mavjud. Mazkur tizimlar tabiat bilan barqaror uyg‘unlashgan holda mamlakatning turli tabiiy-iqlim sharoitiga moslashtirilgan qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini o‘z ichiga oladi va natijada ajoyib landshaftlar paydo bo‘lishiga olib keladi.
Ushbu barqaror amaliyot xalq donishmandligi orqali avloddan-avlodga yetkaziladi va har bir hududning bayram va mavsumiy marosimlarining ajralmas qismidir. Bu O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishi poydevori hisoblanadi va ularni mustahkamlash mamlakat kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Marg‘ilon aholisi qadimdan pilla yetishtirish, ipak gazlamalar to‘qish, o‘ziga xos naqsh va rangdagi tabiiy atlas matolar ishlab chiqarishi bilan jahonga mashhur bo‘lgan.
Marg‘ilonning pillachilik va undan ipak mato to‘qish amaliyoti jahon qishloq xo‘jaligi merosi maqomi beriladigan mezonlarga javob berishi qayd etildi. Ushbu qishloq xo‘jaligi tizimi O‘zbekiston Respublikasidan birinchi bo‘lib GIAHSga nomzod sifatida taqdim etish uchun tanlab olindi.
– BMT GIAHS dasturining asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi tizimini dinamik ravshida saqlab turishga ko‘maklashishdir, – dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Bu boshidanoq hududdagi barcha manfaatdor tomonlarni jalb qilishni talab qiladi, chunki ular qishloq xo‘jaligi tizimini saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mazkur tadbir ko‘pgina manfaatdor tomonlar ishtirokidagi xabardorlikni oshirishga qaratilgan muloqot shaklida ushbu ehtiyojni qondirishga yo‘naltirilgan.
GIAHS FAOning 2015 yilda boshlangan dasturi bo‘lib, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi uchun biologik xilma-xillik va genetik resurslarni saqlashga hissa qo‘shadigan an’anaviy qishloq xo‘jaligi tizimlarini tan olish, qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish hamda ularni hurmat qilishga qaratilgan.
Tadbirda ishtirokchilar loyihaning ko‘lami, konsepsiyasi va kutilayotgan natijalar bilan tanishtirildi. Tomonlar ish rejasini ko‘rib chiqib, kelgusida amalga oshirish shartlarini kelishib oldilar.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA