
Milliy madaniyat va san’atimiz qatorida kino san’ati rivojiga katta e’tibor qaratilayotgan bir davrda o‘zbek kinosining bugungi ahvoli qanday? Bugun ekranlarda zamonamiz qahramoni sifatida kimlar aks ettirilmoqda? Kino bugungi o‘zgarishlar, jamiyatimizda kechayotgan shiddatli jarayonlarni to‘laqonli aks ettira olyaptimi? Shiddat bilan kechayotgan davr kinochilar oldiga qanday talablarni qo‘ymoqda? Ko‘p yillardan buyon san’atning qozonida qaynab, undagi barcha jarayonlardan boxabar bo‘lib kelayotgan jurnalistlarning bu haqdagi fikrlari bilan qiziqdik.
“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev bu haqida quyidagicha fikr bildirdi:
– Bugun barcha sohalarda o‘zgarishlar shiddat bilan kechmoqda. Eskicha qarashlar, yondashuvlar, eski qoida va qoliplar, hatto badiiy asarlarda tasvirlanadigan muammolarning yechimi ham o‘zgarib ketdi. Adabiyot, kino va sahna san’atida muammoning yechimi emas, balki ularni keltirib chiqarayotgan sabablarni tahlil etishga e’tibor qaratilayotgani seziladi. Bunga jiddiy ehtiyoj bor, deb o‘ylayman. Kino san’atida iste’molchining bugungi idrok darajasini hisobga olishga to‘g‘ri keladi. Bugungi tomoshabin kechagi – birorta qahramon o‘qqa uchsa yoki boshqa bir jinoyat qurboni bo‘lsa, uvvos solib yig‘laydigan sodda so‘tak emas. Chunki, o‘lgan − asar qahramoni, aktyor emas. Oqqan qon ham qon emas − bo‘yoq. Ikkinchidan, kino asarida talqinga tortilayotgan u yoki bu muammoning yechimini tomoshabinning og‘ziga chaynab solib qo‘yish shart emas, uni qanday hal etishni hech ikkilanmay tomoshabinning o‘ziga qoldirish kerak. Faqat kinoda emas, har bir sohada bugungi evrilishlardan kelib chiqib, tomoshabinni, o‘quvchini ma’lum mushohadaga da’vat qilish yaxshi samara beradi.
Menimcha, milliy kino san’atimiz katta bir uzilish jarligidan o‘tdi. Bir marta ko‘riladigan filmlar kamaydi. Bundan o‘n-o‘n besh yil avval kino san’atini oddiy bir hunardek bilib, bu sohaga yeng shimarib, yopirilib kirib kelish, “Xo‘roz qochdi” qabilidagi “asar”larni yaratish ishtiyoqi deyarli so‘ndi. Bu san’atda professionallik bilan havaskorlikni aralashtirib yuborishning o‘ta xavfliligini kinochilarning o‘zlari ham anglab yetishdi. Endi ramziy, majoziy, umumlashma holatlar, o‘quvchilarga axborot yoki ma’lum ko‘rsatma sifatida singdiriladigan kadrlar emas, o‘ylashga, fikr yuritishga undaydigan holat, topilma kadrlar talab etilmoqda. Hayot shundayki, bir muammoning yechilishi boshqa bir muammoni yuzaga keltiradi. Aytaylik, mehnat qilib, ehtiyojmandlikdan qutilgan odam yanada yaxshi yashashni o‘ylaydi. Ma’naviy ehtiyojlari oshadi. Har bir kinoda tomoshabinga ramziy savollar tashlab qo‘yilsa qani edi. “Sen shunday holatda nima qilar eding?" qabilida.
Bugun dunyo tushunish, idrok etish g‘oyat murakkab bo‘lgan bir qiyofaga kirmoqda. Chingiz Aytmatov “Bugungi eng asosiy vazifa – insonni inson maqomida saqlab qolish”, degan edi. Nafaqat hayot, turmush tarzi, shu bilan birga ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ham o‘zgarmoqda, to‘poriroq tilda aytganda, boshqa bir libosda, boshqacharoq ko‘rinishda namoyon bo‘lmoqda. San’at asarlari, xususan kino san’ati bu real holatni juda aniq tasavvur etishi kerak. Buning uchun u idrok musobaqasiga qo‘shilishi zarur. Ya’ni sen bugun ma’lum bir o‘zgarishga moslashasan, hayot esa sening oldingga boshqa bir muammoni qo‘yadi. Yana izlanish, hammasini boshidan boshlashga to‘g‘ri keladi. Bu jarayon juda uzoq davom etadi. Balki uning intihosi yo‘qdir. Chunki hayot o‘zgargani sari talab ham oshib, o‘zgarib boraveradi. Kino ijodkorlarimiz ayni shu jihatni nazarda tutgan holda yangi filmlar yaratishga kirishsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Teatrlarda namoyish etiladigan musiqiy spektakllarni tomosha qilganlar jozibali, ta’sirchan qo‘shiqlarini uzoq vaqt xirgoyi qilib yurishadi. Yangi filmni tomosha qilgan tomoshabin zaldan o‘zi uchun hayotning ma’lum bir haqiqatini anglab chiqsa yoki shu xususda o‘yga tolsa, fikrlay boshlasa, o‘zi bilan o‘zi bahsga kirishsa qani edi...

Gulchehra Umarova, san’atshunos jurnalist, bir qator ijodiy tanlovlar g‘olibi:
– Bugun o‘zbek kinosida siljish bor, deb bemalol aytish mumkin. Keyingi yillarda suratga olingan “Evrilish”,“ Faridaning ikki ming qo‘shig‘i”, “Kasallik tarixi”, “Ayol qismati”,“ Rangsiz tushlar”, “Ilhaq” filmlari ko‘pchilik tomonidan e’tirof etildi. Ular hozirda o‘zbek kinosida yangilik sari, badiiylik sari intilish jarayoni ketayotganini ko‘rsatadi. Mazkur filmlarning mualliflari – faol ijodkorlar. Ayniqsa, "101 reys” va “Evrilish” filmlari juda ko‘p jihatlari bilan bugungi kun jahon kinosida kechayotgan jarayonlarga, zamon talablariga bemalol javob beradi, deyish mumkin.
Lekin tariximiz va yaqin o‘tmishimiz haqida, bugungi kunlar haqida filmlar deyarli yo‘qligi odamni ko‘proq tashvishlantiradi. Shuningdek, turli kasbdagi yurtdoshlarimiz haqida ham haqqoniy filmlar, albatta, kerak. Masalan, o‘qituvchilar, jurnalistlar, vrachlar, injenerlar va boshqa turli dolzarb kasb sohiblari to‘g‘risidagi mavzular, turli kasb egalarining mashaqqatli va fidokorona mehnati, ularning zahmatli intilishlaridan so‘zlovchi kinofilmlar o‘z ijodkorini hamon kutmoqda.
Bizga ekranda aktyorlar masalasida yangi qiyofalar zarur. To‘g‘ri, iste’dodli aktyorlar ko‘p, faqat ulardan foydalanish kerak. Axir yurtimizda bir emas, qirqta teatr jamoasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda iste’dodli aktyorlar juda ko‘p. Ularning salohiyatidan to‘g‘ri foydalanish, kinolarga taklif etish fursati nahot yetmagan bo‘lsa? Qachongacha chetdan o‘zbek filmlari uchun aktyor taklif etish davom etadi? Yaxshi filmlarni tomoshabinga taqdim etadigan yosh rejissyorlar ko‘payishi lozim. Juda ko‘p yaxshi asarlar bor. Ularni ham ekranlashtirish mumkin. Shu bilan birga tarixiy, xalq yaxshi bilgan shaxslar haqida ham filmlar kerak. Tarixiy filmlarni yaratishda alohida reja asosida, puxta yondashib kartinalar yaratish maqsadga muvofiq, deb bilaman. Faqat qiyofaning o‘zigina muayyan tarixiy shaxsga o‘xshashligiga intilish shart emas. Shaxsning kimligini, ichki dunyosini, botiniy jihatlarini ko‘rsatib bera olish kinochilar uchun muhim bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. O‘smirlar, maktab yoshidagi bolalar haqidagi yaxshi filmlarga ehtiyoj bor. Bolalar, maktab hayoti gavdalantirilgan filmlar umuman yo‘q. Axir bolalik, umuman maktab davri inson umrining eng yodda qolarli, beg‘ubor, yorqin davri-ku!
Rosti biz tomoshabinni oldi-qochdi filmlarga o‘rgatib qo‘ydik. Filmlarda o‘ta sayoz, o‘zlashtirilgan syujetlar juda ko‘p. Masalan, badavlat qizga kambag‘al yigit oshiq bo‘lib qoladi. Yoki aksincha boyvachcha yigit oddiy qizni sevib qoladi. Filmlarda kurakda turmaydigan munosabatlar, “yurdi-yurdi”lar, maishiy mayda yoki personajlarning axloqsizligi bosh mavzuga olib chiqilgani tomoshabinga nima beradi o‘zi? Bu nima, ma’naviy buzuqlikka da’vatmi? Filmlar, seriallardagi voqealar nuqul dang‘illama, hashamatli uy-joylarda kechadi. Bu esa tomoshabinning g‘ashiga tegmay qolmaydi, albatta. Axir millionlab odamlar oddiy uylarda istiqomat etadilar va nazarimda buning hech qanday aybli tomoni yo‘q. Kinochilarimiz nuqul dang‘illama uchastkalarni filmlarda ko‘rsatib, umr mazmuni faqat boylik to‘plash, unga ruju qo‘yishdan iborat ekanini tomoshabinning ongiga singdirib qo‘ymayaptimikan?! Filmlarda notabiiy ko‘rinishlar juda ko‘p. Qahramonlar ko‘chada ham, hatto uylarida ham xuddi to‘yga borgandek bashang kiyimlarda yurishi hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Telekanallar orqali namoyish etilayotgan sayoz, siyqa seriallar kimlar uchun, qaysi auditoriya uchun mo‘ljallangan? Bu savollar hamon ochiq qolmoqda. Aslida seriallar ham alohida og‘riqli mavzu. Ularni tahlil etadigan, umuman yangi filmlarni atroflicha tahlil etib beruvchi, oqni qoradan to‘g‘ri ajrata oladigan kinoshunoslarimiz nega jim?
Kinokartinalar saviyasi qancha yuqori bo‘lmasin, ba’zan ularni tomoshabinlar darrov o‘zlashtirishi, qabul qilishi qiyin. Shunday kartinalar namoyishi oldidan alohida ko‘rsatuv tashkil etib, kinoshunoslar mazkur kino asarning mohiyatini ochib berishlari kerak, deb o‘ylayman.
Agar kinodagi barcha muammolarni ko‘rib chiqsak, ular asosan kadrlar masalasi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Yaxshi rejissyorlar bor, lekin ular juda kam. Eng mahoratli kinochilar ham bugun Shuhrat Abbosovdek ijod qila olmayapti. Bugun kim istasa aktyor, kim istasa rejissyor bo‘lib, istaganicha filmlarni suratga olayotgani juda afsuslanarli holatdir. Menimcha, san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohlariga super kontrakt asosida talaba qabul qilish masalasini ham o‘ylab ko‘rish kerak. Negaki, iste’dodni hech qanday pul bilan sotib olib bo‘lmaydi. U Yaratgan tomonidan ato etiladigan ne’matdir.

Kino sohasidagi bugungi jarayonlarga taniqli jurnalist Iqbol Qo‘shshayeva quyidagicha fikr bildirdi:
– Keyingi yillarda o‘zbek kinosining ahvolini to‘g‘risi, yaxshi, deb aytolmayman. Bugun o‘z ishini yaxshi biladigan rejissyorlarimiz yo‘q emas. Masalan, rejissyor Shokir Holiqov, Sarvar Karimov, Umid Hamdamov kabi rejissyorlar ishida bugunning nafasi, davrning tomir urishi bor.
Umuman olganda, kinochilarimizga ko‘proq erkinlik berish kerak. Ularni xor qilib tashlamaslik kerak. Zamona qanday bo‘lsa, kino ham shunday bo‘ladi. Keyingi paytlarda Zulfiqor Musoqov bilan Shokir Holiqovning filmlarini ko‘rdim. Shokir Holiqov kartinasida o‘zbekning dardi bor.
Seriallar masalasi alohida bir mavzu. Bugungi kunda seriallar didsizlikning oliy cho‘qqisiga aylangan. Ularni hatto keksa avlod vakillari ham ko‘ra olishmaydi. Chunki o‘ta mayda maishiy mavzular aks ettirilgan.
Nazarimda, bugun kinoga san’atni teran tushunadigan, o‘zbekni sevadigan, uning dardini tushunadigan odamlar bosh-qosh bo‘lishi kerak. Rejissyorlarimizning ishonchini sindirmaslik kerak. Yaxshi rejissyorlar bor, samimiyat bor. Bunday rejissyorlardan foydalanmaslik kino sohasidagi katta yo‘qotishlardan, deb bilaman. Afsuski, iste’dodli rejissyorlarning aksariyati ijtimoiy roliklar, tijoriy loyihalar bilan band. Menimcha, rejissyorlarga imkoniyat, sharoitlar yaratib berish kerak.
PS: O‘zbek kinematografiyasini butkul qoralash, keskin tanqid qilish fikridan yiroqmiz. Ayni paytda suhbatdoshlarimiz fikrlarini xolis tarzda, boricha berishga harakat qildik. Zero, o‘zbek kino san’atining avvalgi shuhrati, mavqei va nufuzi yana qaytishiga oddiy tomoshabin sifatida umid bildirib qolamiz.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.