
Serbiyada chop etiladigan «Seveski» («Daftarlar») nomli nufuzli adabiy jurnal o‘zining ko‘p yillik an’ana va tutumiga sodiq holda hozirgacha Serbiyaning mashhur adib va shoirlarining ijodi va dunyo yozuvchilarining badiiy jihatdan yuksak asarlarini chop etib keladi.
Mazkur nashrning dekabr sonida taniqli o‘zbek adibi Qo‘chqor Norqobilning uchta hikoyasi e’lon qilindi. Adibning "Olisdagi tasodif", "Gulgo‘zal", "Ular baribir o‘qishmaydi" deb nomlangan umuminsoniy ruhdagi hikoyalari serb o‘quvchilariga manzur bo‘ladi, albatta.

"Men mamnuniyat va ishonch bilan aytishim mumkin, Qo‘chqor Norqobilning o‘tgan yili Serbiyaning "Galaksiyanis" nashriyotida chop etilgan "Ko‘zlaringni ko‘rgani keldim" kitobi serb adabiy jamoatchiligi e’tirofiga sazovor bo‘ldi va o‘zbek xalqi, go‘zal O‘zbekiston haqida yorqin tasavvurlar paydo qildi. Endilikda o‘zbek adibi Qo‘chqor Norqobilning "Olis o‘lkadagi tasodif" deb nomlangan yana bir kitobi Serbiyada nashrga tayyorlanmoqda. Kitob 2023 yilning yanvar oyida chop etiladi", deydi serbiyalik adiba va tarjimon, professor Valentina Novkovich.
Eslatib o‘tamiz, asarlari dunyo bo‘ylab tarqalayotgan adibimiz Qo‘chqor Norqobilning shu yil o‘rtalarida ham Serbiyadagi "Istok" jurnalida hikoyalari chop etilib, serb o‘quvchilarida qiziqish uyg‘otgan edi.
O‘zA