
Toshkentdagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazida navbatdagi xayriya anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga Toshkent shahridagi 106, 22 va 102-sonli maktab-internatlar va Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uyining 200 dan ziyod tarbiyalanuvchisi, tarbiyachilari taklif etildi.
Dastlab bolalar Markaz huzuridagi Ozarbayjon davlatchiligi tarixi va Haydar Aliyev muzeylari bilan tanishdi. Ularga ushbu qardosh mamlakat tarixi, madaniyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Madaniyat markazining kutubxona va muzeylar bo‘yicha mutaxassisi Kifoyat Pirmammedova ikki yurt do‘stligi, Ozarbayjon davlatchiligi ildizlari, tarixiy shaxslar, xalqning urf-odati, an’analari haqida so‘zlab berdi, yoshlarni turli burchaklar, eksponatlar bilan tanishtirdi.
Katta ayvonda davom etgan tomoshada Markaz direktori o‘rinbosari Nodir Alimirzoyev Ozarbayjon va O‘zbekiston do‘stligi haqida gapirib, mavjud rishtani mustahkamlash, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqani rivojlantirishda bolalar zimmasiga ham kattagina mas’uliyat tushishini ta’kidladi. U kelajagimiz bo‘lgan bolalarga davlatlarimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik haqida so‘zlab berdi, amalga oshirilayotgan ishlar, loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Nodir Alimirzoyevning ta’kidlashicha, Qorabog‘ va Sharqiy Zangazur viloyati ozod etilgach, qadimiy Shusha shahrida keng ko‘lamli qurilish-tiklash ishlari boshlangan. Bu yil Prezident Ilhom Aliyev tomonidan mamlakatda "Shusha yili", deb e’lon qilindi. Mutaxassis Shusha shahrining respublika madaniyatiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdi.
So‘ngra o‘zbek tilidagi "Qorabog‘ oti" animatsion filmi taqdim etildi.
Mazkur kino asari 2020 yil O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi loyihasi doirasida "Virtual Qorabog‘" AKT markazi tomonidan tayyorlanib, o‘zbek tiliga o‘girilgan.
Ta’kidlash joiz, "Qorabog‘ oti" animatsion filmi yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, qolaversa, Qorabog‘ mintaqasi haqidagi bilimlarni oshirishga qaratilgan.
Tadbir yakunida bolalar va tarbiyachi-muallimlar Ozarbayjon va O‘zbekiston milliy taomlaridan bahramand bo‘lishdi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA