Ayni kunlarda mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari uchun yangi o‘quv yiliga test sinovlari davom etmoqda.
Jumladan, Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, professor, viloyat Kengashi deputati Odiljon Mamatkarimov Davlatobod tumanida joylashgan Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limi binosida bo‘lib o‘tayotgan test sinovlari bilan tanishdi. Qayd etish joizki, imtihonlar davomida nafaqat abituriyentlar, balki ularning ota-onalari hamda yaqinlari uchun ham qulayliklar yaratilgan.
– Test jarayonlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan juda mamnunman. Farzandimning kelajagi uchun bu jarayonning qanchalik muhim ekanligini his qilgan holda, imtihonlarning ochiqligi va adolatliligi ota-onalarga xotirjamlik bag‘ishladi, – deydi Dilbar Xolmatova. – Ayniqsa, test sinovlariga biriktirilgan Namangan muhandislik-texnologiya instituti tomonidan ota-onalar uchun kundalik xizmatda kerak bo‘ladigan “volontyorlar guruhi” faoliyatidan behad minnatdormiz. Mazkur oliygohda o‘qiyotgan yoki o‘qishga kirish niyatida bo‘lgan yoshlar uchun katta imkoniyatlar yaratilganini eshitib, farzandimning kelajagiga bo‘lgan ishonchim yanada oshdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.