English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orzuxondagi shijoati Lola opadan meros
16:08 / 2023-06-14

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “G‘afforjon nurli kelajak” fermer xo‘jaligi dala shiyponiga quyosh tik kelganda kirib bordik.

Azim baqateraklar, tollar salqinida orombaxsh shabboda o‘ynaydi. Ajabki, huzurli so‘rilarda hech kim ko‘rinmaydi, fermer xo‘jaligi rahbari Orzuxon Nurboyevani ham dengizdek chayqalayotgan bug‘doy dalasidan topdik. Yuz-ko‘zlaridan, harakatlaridan g‘ayrat-shijoat, mehnatga ishtiyoq ufurib turgan fermer ayol va ishchilar sekin-asta tushlikka yig‘ila boshlashdi. Har soniyani g‘animat biluvchi mirishkorlar bilan shu fursatdan foydalanib suhbatlashdik, bir piyola choy ustida hangoma-gurunglariga sherik bo‘ldik.

Halol mehnati, tashabbuskorligi bilan elga tanilib ulgurgan, “Tashabbus”, “Ishbilarmon ayol”, “Tadbirkor ayol” kabi respublika tanlovlari g‘olibi va sovrindori bo‘lgan Orzuxonning samimiyati, odmiyligi kishi e’tiborini tortadi. Axir, “yulduzlik kasaliga chalingan” tadbirkor-ishbilarmonlar qancha?! Oltmish gektar yer maydonida dehqonchilik qilib kelayotgan fermerning orzu-niyatlari, rejalari ko‘p. Joriy yilda paxta va g‘alladan 45-50 sentnerdan hosil olishni ko‘zlab mehnat qilmoqda. Ayniqsa, urug‘lik super elita navli bug‘doy dalasi ko‘zni quvnatadi, bo‘liq boshoqlar xirmon barakasidan darak berib turibdi. Uch yil oldin davlat dasturi orqali Germaniyadan 32 bosh naslli qoramol olib kelingan edi, bugun qo‘rada 70 tasi parvarishlanyapti. Sigirlardan har kuni 700 litr sut sog‘ib olinadi.

– Yerga mehr bersang, peshona tering to‘kilsa, o‘n-yuz chandon qilib qaytararkan. Yetti yil oldin fermer xo‘jaligi tashkil qilib, bu yerlarga kelganimizda qora sho‘r qoplab yotgan edi. Yaratgandan so‘rab, xolis mehnat qildik, kam bo‘lmadik, – deydi Orzuxon. – Har bir maydonning o‘z “xarakteri, fe’l-atvori” bo‘ladi, tuproq tarkibiga qarab muomala qilinadi. Yo‘qsa, ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Ba’zilar hosilni yig‘ishtirib olgach, qishda dam oladi. Bu noto‘g‘ri. Yil-o‘n ikki oy yerga e’tibor berish kerak.  

Orzuxon marhum ustozi O‘zbekiston qahramoni Lolaxon opa Murodovadan ko‘p narsalarni o‘rgandi, o‘rganganlariga amal qilib adashmadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, tashabbuskorlik, g‘ayrat-shijoat, saxovat kabi xislatlar ustozidan meros.

– To‘xtab qolish yo‘q, rejalarimizni birin-ketin amalga oshirib kelyapmiz. Xudo xohlasa, daromadlarimiz hisobidan yo‘llarni asfaltlash, dalamizga yondosh Doimobod mahallasiga maktab qurish, sutni qayta ishlash korxonasini barpo etish kabi maqsadlarimiz bor. Davlatimiz rahbari tomonidan biz, fermerlarga katta ishonch bildirilgan paytda bu mas’uliyatni zimmaga olishimiz shart, – deydi u.

Turmush o‘rtog‘i, ikki o‘g‘li bilan hayotini shu yerlarga bog‘lagan fermer bilan suhbatimiz uzoq cho‘zilmadi. Tushlik yakunlanib, kimdir suv ochishga, kimdir qoramollar tomon shoshadi. Suhbatdoshimiz ham besaranjom bo‘lib, g‘o‘za maydoniga bot-bot tikiladi. Uning nigohlarida ezgu maqsadlarga sobitlik, el-yurt farovonligi yo‘lidagi halovatsizlik jilvalanadi.  

M.Sulaymonov,  

O‘zA