English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orol dengizi umid va yangilanish ramziga aylanmoqda
02:33 / 2023-03-24

O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning tarixiy konferensiyasida ishtirok etdi

22-24 mart kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida tuzilmaning Suv masalalari bo‘yicha konferensiyasi o‘tkazilmoqda. Unda 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida obihayot orqali dunyoni birlashtirish, sayyoramiz farovonligida dengiz va okeanlarning ahamiyati, bu boradagi global tashabbuslar BMTga a’zo barcha mamlakatlar, ixtisoslashgan idoralar tomonidan nufuzli spikerlar ishtirokida ko‘rib chiqilmoqda.

Xalqaro hamjamiyat 45 yillik tanaffusdan so‘ng ilk marotaba bunday konferensiyada jam bo‘ldi. Chunki masala nihoyatda dolzarb: 2050 yilga borib sayyoramiz aholisining 5 milliard kishisi suv tanqisligidan aziyat chekishi mumkin. O‘zbekistonning ham bu borada aytar so‘zi va takliflari, salmoqli tajribasi bor. Chunki kattaligi bo‘yicha o‘z vaqtida dunyoda 4-o‘rinda bo‘lgan Orol dengizi O‘zbekistonda joylashgan va uning bugungi taqdiri faqat bizgina emas, balki butun xalqaro hamjamiyatga daxldor masala.

Qolaversa, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har gal Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy darajadagi yig‘ilishlarida ishtirok etar ekan, aynan shu muammoni ko‘tardi va bu yo‘nalishda muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Konferensiya ishida tuzilmaga a’zo 198 mamlakat qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

23 mart kuni konferensiyaning yuqori darajadagi yalpi majlisida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva nutq so‘zlab, BMT minbaridan Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va bu boradagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda mamlakatimizning yetakchiligi xususida so‘z yuritdi.

Saida Mirziyoyeva Orolbo‘yidagi Mo‘ynoq ilgari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega port shahar bo‘lgani, keyinchalik muvozanat buzilib, dengizning o‘lik qirg‘oqlari kemalar qabristoniga aylanganini ta’kidlab, qoraqalpoq elining atoqli shoiri Ibrohim Yusupov ijodidan dengizning ko‘z ochib yumguncha sahroga aylanishi tasvirlangan satrlarni o‘qib berdi.

– Orol dengizining inqirozi insoniyatning atrof-muhitga e’tiborsizligi oqibatlari haqida dahshatli eslatmadir. Biroq, g‘amxo‘r odamlarning sa’y-harakatlari tufayli u yana umid va yangilanish ramziga aylanmoqda, – dedi Saida Mirziyoyeva.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro darajada qo‘llab-quvvatlanib, 2021 yilda BMT Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish haqidagi rezolyutsiya qabul kilingani, sal avvalroq – 2018 yilda Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondiga asos solingani qayd etildi.

Davlatimiz amalga oshirayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z borganda, mintaqani moliyalashtirish, iqtisodiy salohiyatini oshirish, asosiysi, matonatli qoraqalpoq elining salomatligini tiklash, hududda yashil bog‘larni yaratish uchun 14 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilgani aytildi.

Fojia oqibatlarini bevosita o‘z boshidan kechirayotgan Qoraqalpog‘iston xalqining matonati, mehnatsevarligi, yaratuvchanligi alohida e’tirof etildi. Mintaqaning og‘ir sharoitida, ayniqsa, ayollar kuchli g‘amxo‘rlik va ko‘makka muhtojligi, ular uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

So‘zining yakunida Saida Mirziyoyeva xalqaro hamjamiyatni global suv masalalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishda O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi.

22 mart kuni BMTning Suv masalalari konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etiladigan Aral Culture Summit – Orol madaniyat sammiti loyihasining taqdimoti o‘tkazildi. Bu mahalliy va xalqaro hamjamiyat, yetakchi olimlar, arxitektorlar, rassom va dizaynerlarni birlashtiradigan yangi institut.

Orol madaniyati sammiti doirasida yosh avlodni mintaqadagi vaziyatni yaxshilashga hissa qo‘shadigan ko‘nikmalarni shakllantirishga undaydigan ta’lim va almashinuv dasturlari, stipendiyalar va stajirovkalar tashkil etiladi.

Shuningdek, sammit doirasida biodizayn ferma-laboratoriyasi tashkil etiladi. Loyiha doirasida mintaqani suv bilan ta’minlash, yangi ekin turlarini yaratish, shuningdek, hududda sho‘rlanishni kamaytirish bo‘yicha turli texnologiyalar o‘rganiladi va ishlab chiqiladi.

Sammit ijodkorlarni mahalliy fermerlar bilan birlashtirib, yangi o‘simliklar yetishtirish uchun biodizayn sohasida barqaror aloqalarni o‘rnatishi va shu orqali kelgusi 10 yilga mo‘ljallangan strategik rejani ishlab chiqishi ma’lum qilindi. Bu mahalliy hamjamiyatda ulkan o‘zgarishlar uchun zamin yaratadi.

Bo‘lajak sammitning mazmun-mohiyati va ahamiyati konferensiya doirasida o‘tgan «Suv hamkorlik uchun: suv resurslari sohasida transchegaraviy va xalqaro hamkorlik, suv sohasidagi tarmoqlararo, shu jumladan, ilmiy aloqalar hamda 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibining suvga oid maqsadlariga erishish» mavzusidagi sessiyada va jamg‘arma tomonidan xalqaro ekspertlar ishtirokida tashkil etilgan “San’atdan – harakatga: Orolbo‘yi mintaqasining qayta tiklanishi uchun sahroni o‘rmonga aylantirish” mavzusidagi panel muhokamasida batafsil ochib berildi.

Shuningdek, BMT konferensiyasida ishtirok etish asnosida Nyu-York shahrida AQSHdagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Nyu-York meri Erik Adams ham ishtirok etdi.

Saida Mirziyoyeva yig‘ilganlarni Navro‘z bayrami bilan tabrikladi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Samimiy suhbatda vatandoshlarimiz ona yurti bilan aloqalarini uzmayotgani, mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayotgani, turli loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi madaniy, siyosiy va iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlashga hissa qo‘shayotgani xususida so‘z yuritildi.

O‘zA