English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tilimiz Vatan kabi betakrordir
18:32 / 2020-10-21

Oʻz ona tilini hurmat qilish, maʼnaviyatni yuksaltirish, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ulkan madaniy, tarixiy, adabiy merosni asrab-avaylash - shu Vatanga boʻlgan mehru muhabbat ifodasidir.


Oʻz ona tilini hurmat qilish, maʼnaviyatni yuksaltirish, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ulkan madaniy, tarixiy, adabiy merosni asrab-avaylash - shu Vatanga boʻlgan mehru muhabbat ifodasidir.

Yurtboshimiz tomonidan ona tilimiz nufuzini yana-da oshirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ana shunday islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Farmon bilan 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya bilan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish, taʼlim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yana-da takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bundan tashqari, 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022-yillarda amalga oshirish dasturi tasdiqlandi. Dastur bilan 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

Asosiy yoʻnalishlarda davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida “Oʻzbekiston milliy qomusi” jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich koʻpaytirib borish, 2020-yilda oʻzbek tilining lugʻat boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lugʻatlar yaratish nazarda tutilmoqda.

Eng quvonarlisi, endilikda oʻzbek tilidagi mavjud lugʻatlar asosida uzluksiz taʼlimning barcha turlari uchun oʻquv lugʻatlari – koʻp jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning toʻldirilgan yangi nashri “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”, “Oʻzbek tili sinonimlari lugʻati”, “Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati”, “Oʻzbek tili frazeologizmlarining katta izohli lugʻati”, “Oʻzbek tili omonimlari lugʻati” yaratilishi boʻldi.

Prezidentimiz Farmoni bilan “Oʼzbekiston” telekanalida yurtimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalarini targʻib qiluvchi, mamlakatimizga oid axborot-tahliliy, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy-gumanitar bilim doirasini kengaytirishga xizmat qiluvchi va intellektual hamda boshqa maʼlumotlarni xorijiy tillarda yoritadigan “Doʼstlik” axborot-maʼrifiy dasturlar tahririyatini tashkil etilishi ham turli millat vakillariga koʻrsatilayotgan yuksak ehtiromning namunasidir.

Bundan tashqari, 2021-yil 1-yanvardan boshlab markaziy telekanallarda “Tilga eʼtibor”, “Ona tilida soʻzlashamiz”, “Notiqlik mahorati”, “Til – millat koʻzgusi”, “Kitob bilim manbai”, “Bilimli yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi turkum koʻrsatuv va eshittirishlarning muntazam ravishda efirga uzatib borilishi ham mamlakatimizda tilga boʻlgan hurmatning oshishiga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, ona tilimiz Vatan kabi betakror tildir! Unga ehtirom koʻrsatish, asrab-avaylash esa barchamizning insoniy burchimizdir.

Abror OTABOYEV,
“Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sohibi, Shohsulton TOʻXTAMATOV