English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Oltin Humo” III milliy mukofoti g‘oliblari taqdirlandi
11:28 / 2022-12-29

Alisher Navoiy nomidagi Kinochilar uyida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi hamda O‘zbekiston Kino arboblari ijodiy uyushmasi hamkorligida Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan “Oltin Humo” III milliy mukofotini topshirish marosimi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov o‘zbek kinosi qariyb 100 yillik tarixga ega ekanini qayd etdi. bugungi kunda mavzu jihatdan rang-barang kinokartinalar yaratilmoqda. Ayniqsa, Toshkent Xalqaro kinofestivalining qayta tiklangani, milliy filmlarimiz xalqaro festivallarda  sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘layotgani quvonarlidir. 

“Oltin Humo” milliy mukofoti yurtimizda kino sohasida yangicha ijodiy muhit yaratishda muhim omil bo‘lmoqda. Bu yil mazkur kinotaqdimotga avvalgi yillarga nisbatan ikki barobar ko‘p kinokartinalar topshirildi. Ushbu loyiha ijodkorlarni yanada ko‘proq izlanishga da’vat etmoqda.  

Aytish kerakki, marosim ilk bor 2019 yil 10 aprelda bo‘lib o‘tgan edi. Marosimda 2017-2018 yillarda mamlakatda suratga olingan filmlar va kinoijodkorlar 17 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlangan edi.  

[gallery-10121]

Joriy yilda O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi va Kinematografiya agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Oltin Humo” milliy mukofoti saralash komissiyasiga 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 1 oktyabrga qadar premerasi bo‘lib o‘tgan jami 85 ta film, xususan, 25 ta badiiy, 55 ta hujjatli va 5 ta animatsion filmlar havola etildi.  

“Oltin Humo” milliy mukofoti sovrindorlari: 

Eng yaxshi animatsion film — «Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab sayohat»;  

Eng yaxshi kompyuter grafikasi — Davlat Arabshoyev, «Abdulla Qodiriy» hujjatli filmidagi ishi uchun;  

Eng yaxshi kino bastakori — Dmitriy Yanov-Yanovskiy  

«Tutqunlik» badiiy filmidagi ishi uchun;  

Eng yaxshi ovoz rejissyori — Abduqahhor Karimov  

«Muhabbat bahori» filmidagi ishi uchun;  

Eng yaxshi montaj ishi — Xurshid Alixo‘jayev  

«101 reys» badiiy filmidagi ishi uchun;  

Eng yaxshi grim rassomi — Galina Ivanova  

«Muqimiy» badiiy filmidagi ishi uchun;  

Eng yaxshi libos bo‘yicha rassom ishi — Anastasiya Suuk  

«Muqimiy» badiiy filmidagi ishi uchun;  

Eng yaxshi rassom ishi — Alisher Umrzoqov  

«Muqimiy» badiiy filmidagi ishi uchun;  

Eng yaxshi ssenariy — Zulfiqor Musoqov  

«Hayrat» badiiy filmidagi ishi uchun;  

Eng yaxshi operatorlik ishi — Azizbek Arzikulov  

«Hayrat» badiiy filmidagi ishi uchun;  

Eng yaxshi rejissyorlik ishi — Zulfiqor Musoqov  

«Hayrat» badiiy filmidagi ishi uchun;  

Eng yaxshi ayol roli — Ra’no Shodiyeva  

«Ayol qismati» badiiy filmidagi roli uchun;  

Eng yaxshi erkak roli — Hoshim Arslonov  

«101 reys» badiiy filmidagi roli uchun;  

Yilning eng yaxshi filmi — «Ayol qismati»; 

«DILSHOH MEDIA» kinostudiyasi mahsuloti;  

Rejissyor: Dilmurod Masaidov.  

Tomoshabin mehrini qozongan film — «Baron-2»;  

Rejissyor: Rustam Sa’diyev.  

Rejissyor Shuhrat Mahmudovning “Matonat” filmi “Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.  

– Garchi Shuhrat Mahmudov hozir Avstriyada bo‘lsa-da, bu yutuq kartina rejissyori va butun ijodiy jamoamizning yutug‘idir, – dedi Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi direktori Furqat Usmonov. – Mazkur film joriy yilda uchta xalqaro kinofestivallarda Gran-priga sazovor bo‘ldi. “Oltin Humo” mukofoti “Matonat” filmining to‘rtinchi mukofotidir. Bunday e’tibor yanada ko‘proq izlanishga da’vat etadi.  

Tantanali tadbirda barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan film ijodkorlariga “Oltin Humo” milliy mukofoti, maxsus statuetka va diplomlar topshirildi.  

 

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri