
Har qanday mamlakatning taraqqiyoti ilm-fan va ta’limga qaratilgan e’tibor, yaratilgan sharoit va bu sohaga ajratilayotgan sarmoyaga bog‘liqligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Bunga Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur kabi qator rivojlangan davlatlar tajribasi yaqqol misol sifatida ko‘rsatilmoqda.
Mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va kelgusi ravnaqi mazkur sohadagi yutuqlarga bevosita aloqadorligi e’tiborga olinib, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kirishgan ilk kunlardayoq yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashib, olimlarni qo‘llab-quvvatlash davlatning ustuvor vazifasi ekanini alohida ta’kidlagan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyin ekaniga e’tiborni qaratgan edi.
Shunga muvofiq mamlakatimizda barcha sohalar qatori oliy ta’lim tizimida ham keng qamrovli islohotlar boshlandi. Yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish miqdori oshirildi. Ta’limning sirtqi, kechki, masofaviy shakllari tashkil etildi. Hududlarning yetuk kadrlarga ehtiyoji o‘rganilib, yangi oliy ta’lim muassasalari ochildi. Masalan, bundan besh yil muqaddam Surxondaryo viloyatida bitta Termiz davlat universiteti faoliyat yuritgan bo‘lsa, endilikda ularning soni oltitaga yetdi. Chunki, mazkur universitetda qabul kvotasining kamligi, kadrlar tayyorlashda bitta oliy o‘quv yurti ehtiyojni to‘la qamrab ololmasligi sababli ko‘plab yoshlar ilm olish uchun mamlakatimiz poytaxti va boshqa shaharlarga ketishga majbur bo‘layotgan edi. Poytaxtdan olis viloyatda qo‘shimcha oliy o‘quv yurtini ochish voha ziyolilari va ota-onalar uchun ushalmas orzu bo‘lib kelayotgan edi. Bundan besh yil avval viloyatda 7 mingdan ortiq talaba ta’lim olgan bo‘lsa, ayni paytda ularning soni 40 mingga yaqinlashgani ham keyingi yillarda sohada yuz bergan o‘zgarishlar samarasidir.
Shuningdek, oliy o‘quv muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va korrupsiyaga barxam berish uchun professor-o‘qituvchilar mehnati munosib rag‘batlantirilib, ularning oylik maoshlari o‘rtacha 3,5 barobar ya’ni, 3 million so‘mdan 10 million so‘mgacha oshirildi. Ilmiy darajaga ega ustozlarga faoliyatiga qarab, qo‘shimcha 30 va 60 foizgacha ustama berish tartibi joriy yilindi.
Abituriyentlarning qabul jarayonlari onlayn tashkil etilib, o‘qishni ko‘chirish va tiklash jarayonlari ham onlayn shaklga o‘tkazilgani ota-onalar va talabalar uchun qulay imkoniyatlarni yaratish barobarida ortiqcha sarf-xarajat hamda ovoragarchiliklarga, qog‘ozbozliklarga chek qo‘ydi. Bu ishlarning barchasi inson omilisiz amalga oshirilayotgani ahamiyatlidir. Shuningdek, test sinovlari va ijodiy imtihonlar olish tartibi ham yanada soddalashtirilib, shaffof shaklga o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2022 yil 15 iyundagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan 2022-2023-o‘quv yili uchun magistraturaga qabul hamda o‘qishni ko‘chirishda yangi tartib joriy etilgani ham ayni muddao bo‘ldi. Shunga ko‘ra, joriy yildan davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshirilib, qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.
Davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta — avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi va bunda avgust oyidagi qabul — navbatdagi o‘quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti, to‘lov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq o‘tkaziladi.
Yanvar oyidagi qabul — dastlabki qabul natijalariga ko‘ra to‘lmagan o‘rinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, endilikda davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqatgina talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda tegishli vazirlik yoki idora rahbarining tavsiyasi asosida ruxsat beriladi.
Oliy ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlardan yana biri – bo‘lg‘usi magistrlar uchun xorijiy tillardan birini mukammal bilish talabi qo‘yilganidir. Chunki, magistr ilmiy izlanishlarida bevosita dunyo ilm-fanining eng so‘nggi natijalaridan xabardor bo‘lishi, foydalanishi uchun ham xorijiy tillardan eng kamida bittasini yaxshi bilishi lozim. Qolaversa, xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali va bakalavr diplom balining o‘rtachasi taalabgorni imtihonsiz o‘qishga qabul qilishga asos bo‘ladi. Bunda inson omili ishtirok etmagan holda ochiqlik, adolat, shaffoflik ta’minlanadi. Jamiyatimizning eng illatli “kasalligi” bo‘lgan korrupsiya balosiga chek qo‘yiladi.
Masalan, 2022-2023-o‘quv yili uchun Termiz davlat universiteti magistratura bosqichiga 32 yo‘nalish bo‘yicha 40 ta kvotaga 109 abituriyentdan hujjat qabul qilindi. Ularning 76 nafari o‘qishga qabul qilindi. Yangi tartib bo‘yicha bu jarayonda hech qanday imtihon o‘tkazilmadi. Talabgorlarning xorijiy tillarni bilish bo‘yicha xalqaro sertifikati va bakalavr diplom ballarining o‘rtachasi asos qilib olindi.
Mavridi kelganda aytish lozimki, yanvar oyigacha talabgorlar uchun yana imkoniyat bor. Xorijiy tillar bo‘yicha sinovlarda ishtirok etib, xalqaro sertifikatni olgach, bemalol hujjat topshirishlari mumkin.
Bo‘lg‘usi mutaxassislarning xorijdan o‘qishni ko‘chirish masalasi ham ko‘p yillardan buyon turli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan edi. Joriy yildan boshlab bu yo‘nalishda ham ochiq tizim yaratilib, imtihonlar Davlat test markazi orqali o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Bu yil oliy ta’lim muassasamizga xorijdan o‘qishini ko‘chirish istagi bilan 2 ming 946 hujjat qabul qilindi. Ularning bilim darajasini Davlat test markazi sinovdan o‘tkazdi. Ijodiy yo‘nalishlar bo‘yicha topshirilgan 147 hujjat bo‘yicha imtihon vazirlik tomonidan tuzilgan komissiya, keng jamoatchilik va ommaviy-axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazildi. Jarayonlar to‘liq onlayn tarzda ommaga uzatildi.
Bu borada amalga oshirilayotgan barcha islohotlar jamiyatimizda illat darajasiga yetgan korrupsiyaga chek qo‘yib, mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlangan davlatlar darajasiga ko‘tarish, Yangi O‘zbekistonning bulg‘usi bunyodkorlari bo‘lgan talabalarga zamonaviy usulda ilm-fan sirlarini chuqur o‘rgatib, ularning Vatanimizga munosib kadrlar bo‘lishini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, ta’limni korrupsiyadan to‘liq tozalamay turib, ilm-fan rivoji va jamiyat taraqqiyotida ko‘zlangan marralarga erisholmaymiz. So‘nggi yillarda istiqlol inom etgan buyuk ne’matlar bizni ana shunday qatiy pozitsiyada turib, ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga undamoqda. Albatta, bu harakatlar yaqin kelajakda o‘z mevasini beradi.
Avazjon Maraximov,
Termiz davlat universiteti rektori, professor
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri