
Qonunchilikka qo‘ra, sudlarga ikki xil toifada, ya’ni protsessual va umumiy mazmundagi shikoyat arizalari bilan murojaat qilinadi.
Umumiy mazmundagi murojaatlar – xat, ariza, taklif va shikoyatlardir. Protsessual mazmundagi murojaatlar – muayyan nizo yoki sud qarori bilan bog‘liq bo‘lgan ariza, da’vo arizasi, iltimosnoma, apellyatsiya va kassatsiya tartibidagi shikoyatlardir.
Barcha fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash yuzasidan sudga og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish huquqiga ega.
Umumiy mazmundagi murojaatlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonunda belgilangan tartibda, ya’ni sudga kelib tushgan kundan boshlab 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Agar ariza va shikoyat muddati uzaytirilsa, bu haqda murojaat qiluvchiga xabar beriladi.
Fuqarolik, jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha protsessual mazmunda berilgan shikoyatlar protsessual qonunchilikda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqiladi.
– Keyingi yillarda sud organlariga murojaat qiluvchilar soni sezilarli darajada ortib bormoqda, – dedi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Abidov. – 2022 yilda sudlarga jami 151 ming 37 murojaat tushgan. Shundan Oliy sudga 55 ming 76, Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali 72 ming 829, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga 20 ming 240, ma’muriy sudlarga 2 ming 572, respublika harbiy sudlariga 320 murojaat kelgan. Oliy sudga kelib tushgan murojaatlarning 44,4 foizi umumiy mazmundagi, 55,6 foizi kassatsiya hamda takroriy kassatsiya tartibidagi shikoyatlarni tashkil qildi.
Prezident Virtual va Xalq qabulxonalaridan Oliy sudga kelib tushgan murojaatlarning 71 ming 652 tasi bo‘yicha murojaat mualliflariga tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan hamda 5 ming 329 murojaat ijobiy hal etilgan.
2022 yil davomida umumiy mazmunda kelib tushgan murojaatlar oldingi yildagi murojaatlarga nisbatan 8,2 foizga kamaygan. Ammo kassatsiya tartibidagi murojaatlar 10,3 foizga ko‘paygan.
Albatta, murojaatlar sonining ko‘payganini aholining sud tizimiga nisbatan ishonchi ortib borayotgani bilan ham izohlash joiz.
Jinoyat-protsessual kodeksining 499-moddasida birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilishga bo‘lgan huquq mahkumga, uning himoyachisi va qonuniy vakiliga, jabrlanuvchiga va uning vakiliga, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudi hukmining, ajrimining fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqli, deb ko‘rsatilgan.
Lekin ish bo‘yicha shikoyat berishga vakolati bo‘lmagan fuqarolar, ya’ni sudlanuvchi yo mahkum, da’vogar yoki javobgarning qarindoshlari ham yuqori idoralarga murojaat qilish holatlari ko‘plab uchraydi.
Oliy sudga 2022 yil mobaynida ayni shunday yuqori idoralardan 7 ming 169 murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 781 tasi boshqa idoralarga, 1 ming 593 tasi quyi sudlarga yuborilgan va 3 ming 516 tasi bo‘yicha sudga murojaat qilish talabi tushuntirilgan.
Aytib o‘tish kerakki, murojaat qilish bo‘yicha qonun talabiga rioya etmaslik yoki tartibni bilmaslik sud qarorlari ustidan shikoyat berish muddatining o‘tib ketishiga olib kelmoqda. Oqibatda muddatni tiklash haqida ariza berish talab etilib, ortiqcha ovoragarchilik yuzaga kelmoqda. Turli idoralarga sudga oid shikoyatlar berilishi sud tizimiga aloqasi bo‘lmagan tashkilotlarda ish yuklamasi ortishi, behuda vaqt yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda.
Oliy sud rahbariyati tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish jarayoni ham keng yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 2022 yilda 8 ming 267 nafar jismoniy va yuridik shaxs vakili qabul qilindi.
Shundan 4 ming 887 nafari sayyor qabulda, 2 ming 834 nafari bevosita idorada, 546 nafari videokonferensaloqa vositasi orqali qabulda bo‘lgan. Oliy sud raisi qabulida 721 nafar jismoniy va yuridik shaxs vakilining shikoyat va vajlari eshitilgan.
Oliy sud va quyi sudlarda xalqimizni rozi qilish yo‘lida aholi bilan muloqot qilish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari har taraflama to‘liq, xolisona va qonuniy ko‘rib chiqilishi orqali adolatli qarorlar qabul qilinishi ta’minlanmoqda.
Jumladan, 2023 yilning birinchi choragida sudlarga 37 ming 450 murojaat kelib tushgan. Shundan Oliy sudga 13 ming 476, Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari orqali 18 ming 199, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga 5 ming 61, ma’muriy sudlarga 595, respublika harbiy sudlariga 119 murojaat kelgan.
Bu murojaatlar o‘tgan yilning shu davrida kelib tushgan murojaatlarga nisbatan 0,7 foizga kam. Biroq kassatsiya tartibidagi murojaatlar 24,6 foizga ko‘paygan.
2023 yilning birinchi choragida Oliy sud 465 murojaatni taalluqliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun boshqa idoralarga yuborgan.
Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalaridan Oliy sudga kelib tushgan murojaatlarning 16 ming 227 tasi mualliflariga tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan hamda 443 murojaat ijobiy hal etilgan.
Xalq bilan muloqot va “mahallabay” ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi uchun dolzarb muammolarni har tomonlama o‘rganish va hal etish yuzasidan tezkor choralar ko‘rish maqsadida Respublika ishchi guruhining viloyatlarda ommaviy sayyor qabullari o‘tkazilmoqda.
Joriy yil may oyida o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov ham ishtirok etib, 1 ming 167 nafar fuqaroning sud-huquq masalalari bo‘yicha murojaatlarini qabul qildi. Ayni paytda ushbu murojaatlarni ko‘rib chiqish, haqiqatan muammolarga duch kelgan fuqarolarga amaliy yordam berish choralari ko‘rilmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA