Bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda o‘sib kelayotgan yosh avlodni komil, yetuk, salohiyatli etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratish va bu ezgu ishda katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan keksalardan ibrat olmoq lozim.
Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da tashkil etilgan “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovining Namangan viloyati bosqichi ham ayni shu maqsadlarni o‘zida aks ettirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tanlovda uning shahar-tuman hududiy saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan nuroniylar uchta shart bo‘yicha o‘z salohiyatlarini namoyon etishdi.
[gallery-19619]
Shuni alohida aytish darkor, yoshlar bilan ishlashda nuroniylarning rolini oshirish borasida o‘ziga xos Namangan tajribasi yo‘lga qo‘yildi. Unda maktablardan boshlab boshqarma va tashkilotlargacha nuroniylar maslahat markazi tashkil etilib, doimiy ularni hayotiy o‘gitlariga tayanib kelinmoqda. Shu yilning avgust oyida bo‘lib o‘tgan “Vodiy nuroniylari kengashi”ning ko‘rgazmali seminarida mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlar qo‘shni Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ham keng ommalashtirildi.
– Tanlovdan ko‘zlangan maqsad, avvalo, yoshlarga biriktirilgan nuroniylarni jamiyat hayotiga faol jalb qilish, fidoyi faxriylarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularni ma’naviy va moddiy jihatidan rag‘batlantirishdan iborat, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov. – Qolaversa, tanlov ertamiz egalari ta’lim-tarbiyasida keksa avlod vakillarining tajribasidan foydalanish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o‘rtasida barqaror muhitni qaror toptirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Darhaqiqat, nuroniylarimiz bor ekan, ularning duolari ijobat. Yangi O‘zbekistonimiz osmoni musaffo, yurtimiz tinch va osoyishta, yutuqlarimiz bardavomdir. Zero, keksalar o‘z hayotiy tajriba va qimmatli o‘gitlari bilan hissa qo‘shayotgan har qaysi ishda unum va baraka ustuvor bo‘laveradi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Kosonsoy tumani “Iftixor” mahalla fuqarolar yig‘inining “Keksalar maslahati” guruhi rahbari Nasibajon Haydarova g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tanlovning Respublika bosqichiga yo‘llanmaga ega bo‘ldi. Faxrli ikkinchi o‘rinni Mingbuloq tumani “Birlashgan” mahalla fuqarolar yig‘inining keksalar guruhi yetakchisi Saboxon To‘xtayeva egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Yangiqo‘rg‘on tumani “Mash’al” mahalla fuqarolar yig‘inining “Keksalar maslahati” guruhi rahbari Muhammadjon Mahmudovga nasib qildi. Shuningdek, tanlovning faol ishtirokchilari bir qator nominatsiyalar bo‘yicha e’tirof etildi.
Tadbir yakunida, tanlov g‘olib va sovrindorlari “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvining diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Tantanali tadbirda Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.