English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nuroniylar maskani ma’rifat va tarbiya o‘chog‘i
10:00 / 2023-05-10

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida “Nuroniylar maskani” va “Veteran” birlashmasi tuman bo‘limi binolari mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.

Mamlakatimizda yoshi ulug‘ hamyurtlarimiz, urush va mehnat faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, e’zozlash, ijtimoiy himoyalash ular uchun munosib turmush sharoitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2023 yil 11 martdagi "Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi qarori yuksak e’tibor ifodasi bo‘ldi.  

Darhaqiqat, mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yosh avlodni ertangi kunning munosib vorislari etib tarbiyalashda nuroniylarning zimmasida katta mas’uliyat bor.  

Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz jamiyatimizda tinchlik-totuvlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat muhitini mustahkamlash, mahallalar faoliyatini yanada rivojlantirish, yoshlar ongi hamda qalbida vatanparvarlik, fidoyilik tuyg‘ularini mustahkam qaror toptirishda faol ishtirok etmoqda. Ularning ibratli hayot yo‘li, turli jabhalardagi fidokorona faoliyati yosh avlodni ona-Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, umrboqiy an’ana hamda qadriyatlarimizga hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda.  

Hududlarda nuroniylar maskanlari bunyod etilib, barcha sharoitlar yaratilmoqda. 1980 yillarda barpo etilib, so‘nggi vaqtlarda o‘ta ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan maskanning tuman hokimligi tashabbusi bilan mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirilishi keksa avlod vakillari uchun munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.  

Maskanda nuroniylarning mazmunli dam olib, vaqtini chog‘ o‘tkazishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Kutubxona, choyxona, ma’naviyat, tibbiyot xonalari, sport-sog‘lomlashtirish zali zamonaviy jihozlangan. Bino atrofida ham keng ko‘lamdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarilib, yangi va ko‘rkam ko‘rinishga ega majmua tashkil etildi.  

Tadbirda so‘z olganlar tomonidan yurtimizda keksalarni e’zozlash, ularga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatish, munosib turmush kechirishi, dam olishi, jamiyatda faol bo‘lishi uchun zarur sharoit yaratishga doimiy e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.  

Otaxonu onaxonlar esa yurtimizdagi tinchlik hamda osoyishtalikka shukrona aytib, yaratilgan bunday qulaylik va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.  

M.Sulaymonov, O‘zA