English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nuroniylar jasorati – yoshlarga ibrat
17:53 / 2023-05-09

Har yili mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanib, Vatanimiz tinchligi yo‘lida jonini qurbon qilgan mard kishilar yodga olinib, hayot bo‘lgan tabarruk nuroniylarga ehtirom ko‘rsatiladi.

bugungi tinch va farovon kunlar uchun jonini fido qilgan Ikkinchi jaxon urushi qatnashchilariga qancha hurmat va e’tibor ko‘rsatsak arziydi. Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, professor, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Odiljon Mamatkarimov Yangiqo‘rg‘on tumanining Poromon qishlog‘ida istiqomat qilayotgan 101 yoshli urush faxriysi Muhammadibrohim ota Inomov holidan xabar olib, ularning ko‘ngliga shodumonlik ulashdi. Samimiy ruhda kechgan muloqot davomida keksa mo‘ysafidga mustahkam salomatlik tilab, tabrik so‘zlari bildirildi. Professor-o‘qituvchilar jamoasi otaxonning uy-muzeyida bo‘lib eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.

Muhammadibrohim Inomov ayni kuchga to‘lgan navqiron yoshga yetganda tengdoshlari qatori yurt sarhadlarini dushman changalidan himoya qilish uchun urushga otlandi. Fashistlarga qarshi mardonavor janglarda qatnashib, chinakam matonat namunasini ko‘rsatdi.

Muloqotda keksa nuroniy urush xotiralarini esladi. bugungi tinch kunlarga shukronalar aytdi. Yurtimiz tinchligini so‘rab duo qildi. Darhaqiqat, jangu jadallarni ko‘rgan faxriylarimiz diliga, tanasiga urush solgan mudhish asorat halu hanuz esdan chiqmaydi. Ular o‘sha suronli yillar xotiralarini so‘zlar ekan, urush degan ofatning qayta takrorlanmasligini tilaydi.

- bugungi to‘kin, tinch, farovon turmushni ko‘rib, ko‘nglim yayraydi. Shunday hur, osuda hayotimizga cheksiz shukurlar aytishimiz kerak, – deydi Ikkinchi jaxon urushi qatnashchisi Muhammadibrohim Inomov. – Biz ko‘rgan og‘ir va mashaqqatli urush olovini farzandu nabiralarimiz, kelajak avlodlarimiz ko‘rmasin. Ular tinchlikni qadriga yetib, ilm va hunar olish payida bo‘lishsin.

Ha, hayotni sevishni, uning qadriga yetishni tabarruk kishilardan o‘rgansak, arziydi. Urush ko‘rgan, dushman ko‘ziga tik boqib, ulardan ona yurtini munosib himoya qilgan nuroniylarning ulkan jasorati yoshlar uchun chinakam ibrat maktabidir.

Darvoqe, To‘raqo‘rg‘on tumanining Katta qurama mahallasining piru badavlat kishilaridan sanalgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 100 yoshni qarshilagan Ikrom ota Umirzoqov honadonida bo‘lib o‘tgan yo‘qlov ham unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA