English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukus garnizonida yangi ob’ektlar foydalanishga topshirildi
17:13 / 2023-01-16

Vatan himoyachilari kuni hamda Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 31 yillik bayrami kunlarida Nukus garnizonida kapital ta’mirdan chiqqan uchta ob’ekt foydalanishga topshirilishi harbiylar uchun chinakam bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev hayotini sharafli va muqaddas vazifaga bag‘ishlagan yurt himoyachilarini bayram bilan tabriklab, so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarimizning jangovar shayligi, salohiyati,  tezkorligi yanada oshganini e’tirof etdi.  

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida 2022 yilning o‘zida 3 ming nafardan ortiq harbiy uy-joy bilan ta’minlangani, salkam 2 ming nafar harbiy xizmatchining farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berilgani, 4 ming nafardan ziyod harbiyning turmush o‘rtog‘i kasbga o‘qitilib, ishga joylashtirilgani, 1250 nafar harbiy pensionerning bandligi ta’minlangani aytildi.

Ta’mirtalab holatga kelib qolgan harbiy qism shtab binosi Mudofaa vazirligi tomonidan moliyalashtirilib, kapital ta’mirdan keyin yangi imkoniyatlar bilan harbiy boshqaruv organi uchun xizmat qilishga tayyor bo‘ldi. Ichki va tashqi qismi to‘liq ta’mirdan keyin mazkur ikki qavatli ob’ektda 27 ta xizmat xonasi, 24 kishiga mo‘ljallangan videoselektor majlislarini o‘tkazish zali, navbatchilikni o‘tash xonalari, safarbarlik sinfi, aloqa tarmog‘i bo‘linmasi, uchta sanitar tizim yaratilib, mahalliy ishlab-chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilgan mebel va jihozlar bilan ta’minlandi.

Navbatdagi bino – harbiy qism tibbiyot punkti ham ta’mirga muhtojligi sabab, harbiy xizmatchilarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda muammolarni vujudga keltirardi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Harbiy-ma’muriy sektori ko‘magi bilan ikki qavatdan iborat bo‘lgan mazkur shifo ulashuvchi maskanda endilikda qabulxona, yiringli va toza bog‘lov xonalari, stomatolog, otolaringolog, izolyator, fizioterapiya xonalari, garaj va uchta xizmat xonasi bor. Shuningdek, binoda dorixona hamda 22 kishiga mo‘ljallangan 4 ta bemorlar xonasi mavjud. Barcha xonalar zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlanib, avtonom va markazlashgan isitish tizimiga ulangan. Shuningdek, tibbiyot punkti binosining bir qismida sergak smena, jangovar navbatchi bo‘linma, ikkita dam olish va kiyimlarni quritish xonalari, oshxonadan iborat jangovar navbatchi bo‘linma uchun maxsus joy yaratildi.

[gallery-10301]

Yurt himoyachilari va ular oila a’zolarining yashash sharoitlarini yaxshilash, ularga qulay, shinam sharoitlar yaratish maqsadida hududiy harbiy-ma’muriy sektori amaliy ko‘magi bilan Nukus uy-joydan foydalanish hududiy qismiga qarashli yotoqxonada kapital ta’mir ishlari yakunlanib, bino o‘zgacha ko‘rkamlik kasb etdi.  

Yotoqxonaning 1-qavatida 28 o‘rinli 14 ta mehmonxona xonasi, 2-qavatida esa 11 oilaga mo‘ljallangan ikki xonali xizmat xonadoni,  binoning 3-4-qavatlarida esa harbiy xizmatchilarni joylashtirish uchun jami 44 ta xona tayyorlanib, jihozlandi. Ta’kidlash joizki, ta’mirdan oldin ushbu binoda mavjud bo‘lgan barcha sanitar tizimlar umumiy bo‘lib, ko‘plab harbiy oilalar va harbiy xizmatchilarga qiyinchiliklar tug‘dirardi. Ta’mir ishlaridan keyin sanitar tizimlar har bir xonaga ko‘chirilib, xonalar zamonaviy mebel va jihozlar bilan jihozlandi. Yotoqxonaning birinchi qavatida harbiy xizmatchilar, ular oila a’zolariga tadbirkor tomonidan xizmat ko‘rsatadigan 40 kishiga mo‘ljallangan oshxona faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.

Tadbir ishtirokchilari kapital ta’mirdan chiqqan ob’ektlardagi harbiy xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA