English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nogironlik pensiyasi va nafaqalar tayinlash bo‘yicha yangiliklar yuzasidan brifing
10:44 / 2022-11-02

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Farrux Pardayev ishtirokida brifing tashkil etildi.

Brifingda qayd etilishicha, joriy yilning o‘zida nogironlik pensiyalarining eng kam miqdorlari ikki marotaba, ya’ni 2022 yil 1 apreldan nogironlik pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlari 500 ming so‘mdan 622 ming so‘mga va 2022 yil 1 maydan esa 698 ming so‘mga yetkazilib, yil boshiga nisbatan 1,4 baravarga oshirildi.  

2022 yil 27 oktyabrdagi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiya tayinlanganidan keyin kamida 1 yillik ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda ish staji va ish hakilarini inobatga olgan holda har 2 yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi. Natijada, 2023 yilda 75 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalari ularning arizalariga asosan qayta hisob-kitob qilinib, o‘rtacha 300 ming so‘mgacha oshadi.  

Shuningdek, kelgusida nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin mehnat faoliyatini olib boragan 43 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalari har 2 yilda (ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib) bir marotaba qayta hisoblab boriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalarini qayta hisoblash ular tomonidan yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining tuman bo‘limlariga qilgan murojaatlari asosida amalga oshiriladi.  

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, shaharcha va ovullarda joylashgan ixtisoslashgan tibbiy muassasalarning shifokorlari va o‘rta tibbiy xodimlariga qonunning 12-moddasida nazarda tutilgan belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish bo‘yicha imtiyozdan foydalanish huquqi berildi.  

O‘gay ota-ona, agar vafot etgan o‘gay farzandini 18 yoshgacha kamida 5 yil tarbiyalagan bo‘lsa, ular haqiqiy ota-ona singari ushbu farzandi uchun boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lishini aniqlash tartibi Hukumat tomonidan belgilanishi ko‘zda tutildi. O‘zbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlari bo‘lgan shaxslarga ularning xizmatlariga qarab pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorini 100 foizidan 150 foizigacha ustama haqini to‘lash tartibi Hukumat tomonidan belgilanishi ko‘zda tutildi.  

Qonunda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun 2023 yil 1 yanvardan e’tiboran Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yiliga qo‘shimcha ravishda o‘rtacha 275 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA