English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nodirbek Abdusattorov: “Eng katta orzuim jahon shaxmat tojini O‘zbekistonga olib kelish”
10:59 / 2023-01-05

44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi, rapid bo‘yicha 2021 yilgi jahon chempioni, ko‘plab xalqaro turnirlar sovrindori Nodirbek Abdusattorov nafaqat mamlakatimiz sportida, balki jahon shaxmat olamida katta mavqega ega shaxmatchilardan biri sanaladi.

O‘tgan 2022 yil iste’dodli shaxmatchimiz hayotida unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempionlikka erishdi. “Tata Steel Chess India” turniri, Bokudagi “Vugar Gashimov” xotirasiga bag‘ishlangan VIII xalqaro turnir, Turkiya, Islandiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlardagi nufuzli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Yilning eng so‘nggi musobaqasi – rapid va blits yo‘nalishlarida Almatida o‘tgan jahon chempionatida o‘z imkoniyati darajasida qatnasha olmadi.

Jahon shaxmat mutaxassislari tomonidan “O‘zbek vunderkindi”, deya ta’rif berilgan Nodirbek Abdusattorov uchun yil qanday kechdi? Erishilgan natijalardan shaxmatchimizning ko‘ngli to‘ldimi? U bilan o‘tkazgan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

Nodirbek, avvalo, sizni va barcha yaqinlaringizni kirib kelgan yangi yil bilan tabriklaymiz. Ayting-chi, 2022 yilgi natijalaringizdan qoniqdingizmi?

– Tabrik uchun raxmat. O‘tgan 2022 yil biz o‘zbekistonlik shaxmatchilar uchun juda omadli keldi. Eng asosiysi, 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida g‘oliblikka erishishga muvaffaq bo‘ldik. Shaxsan o‘zim uchun yil musobaqalarga juda tig‘iz bo‘ldi. Yil davomida shaxmat olimpiadasidan tashqari Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Hindiston, Islandiya, Ozarbayjon kabi qator davlatlardagi turnir va chempionatlarda qatnashdim. Fisher yo‘nalishidagi jahon chempionati, Bakudagi “Vugar Gashimov” xotirasiga bag‘ishlangan VIII xalqaro turnir va “Tata Steel Chess India” musobaqalariga dunyoning eng kuchli shaxmatchilari qatorida rasman taklif etilganim faoliyatimdagi o‘ziga xos voqealik bo‘ldi. 

Fisher yo‘nalishidagi jahon chempionati va “Tata Steel Chess India” turniri katta mahorat maktabi sifatida yodda qoladigan musobaqalar, deyish mumkin. Katta tajriba to‘pladim. FIDE reytingining yetakchilari bilan bahslashdim. Ba’zilarini mag‘lub etdim, ayrimlari bilan durangga erishdim. Ba’zi vaziyatlarda imkoniyatni boy berdim. Baku va Sharja turnirlarida g‘alaba qozonganim ortda qolgan yilning katta g‘alabalari bo‘ldi, deb o‘ylayman. Yil davomida dunyoning kuchli shaxmatchilari bilan kuch sinashishim bu kelgusi uchrashuvlarga zamin yaratdi, nazarimda.

Almatida rapid va blits yo‘nalishlaridagi jahon chempionati xususida fikringiz.

– Bakudagi “Vugar Gashimov” VIII xalqaro turniri rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha Almatida o‘tgan jahon chempionati oldidan o‘yin amaliyoti, musobaqaga texnik va taktik tayyorgarlik vazifasini o‘tadi. Jahon chempionatining rapid yo‘nalishida uchrashuvlarni yaxshi boshladim. Birinchi kungi o‘yindan keyin 5 tadan to‘rttasida g‘alabaga erishgan bo‘lsam, 1 ta mag‘lubiyatni klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Karlsendan qabul qildim. Ikkinchi kungi bahslarda 2 ta g‘alaba va 2 ta durangga erishdim. Uchinchi kunga kelib hindistonlik Vidit Santosh bilan bahsda kutilmaganda xatoga yo‘l qo‘ydim va bu o‘yin taqdirini hal etdi.

O‘sha vaziyatda sizni kimdir yoki qanaqadir hodisa chalg‘itdimi? Hindistonlik raqibingizni yutayotgan, deyarli g‘oliblikka erishishingiz hal bo‘lgan bir fursatda imkoniyatni boy berdingiz.

– Bilmadim. Hech qanaqa chalg‘ituvchi vaziyat ro‘y bermadi. Aslida o‘zim ham o‘yin jarayonida har qanday holatlarga e’tibor qaratavermayman. Ammo, bizning uchrashuv davom etayotgan bir paytda boshqa stolda Karlsen ko‘z oldimda mag‘lubiyatga uchradi. Shunday holatda xatoga yo‘l qo‘ymasdan harakat qilganimda jahon chempionatining rapid yo‘nalishi bahslari umuman boshqacha yakun topardi. Balki shu hol meni o‘z holatimdan bir oz uzib, fikran chalg‘itgan bo‘lishi mumkin. Lekin musobaqa juda katta ruhiy zo‘riqish ostida o‘tdi. Biroq, natijadan umuman afsuslanmadim. Shunday bo‘lishi kerak bo‘lgan va shunday bo‘ldi.

– Klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Karlsen bilan qachondan beri rasmiy musobaqalarda kuch sinasha boshlagansiz? Hozirgacha o‘zaro hisob-kitoblar qay ko‘rinishda?

– 2019 yildan beri Karlsen bilan kuch sinashib kelaman. Ilk uchrashuvlarda imkoniyatni boy berganman. 2021 yildan boshlab ayrim hollarda undan ustunlikka erishdim. Joriy yil ham bir nechta turnirlarda kuch sinashdik. Qaysidir partiyalarda yutdim, qaysidirlarida u ustunlikka erishdi. Almatidagi jahon chempionatida shu narsani his qildimki, u o‘yin taktikamni ancha o‘zlashtirib olibdi. Shu bois, keyingi uchrashuvlarda boshqacha taktika qo‘llashim lozim bo‘ladi. Bugungacha Magnus Karlsen bilan necha marta kuch sinashib, hisob-kitoblar qanday bo‘lganligini hech o‘ylab ko‘rmabman.

– O‘tgan yil yakunida yilning eng yaxshi sportchilari, jamoalari, murabbiylari aniqlandi. Jarayonni kuzatdingizmi? Umuman “Yilning eng yaxshi sportchilari” qatorida bo‘lmaganingizdan xafa emasmisiz?

– Yo‘q, albatta. Mamlakatimizda kuchli, katta natijalarga erishib kelayotgan sportchilarimiz juda ko‘p. Jarayonni kuzatishga vaqtim bo‘lmadi. Aynan shu paytda biz Almatida jahon chempionatida qatnashayotgan edik. Keyinroq natijalarni eshitdim.

Yuksak g‘alabalarga erishish uchun maxsus dasturlar, aniq maqsadli rejalar ishlab chiqiladi. Bu yilgi rejalaringiz qanday?

– O‘tgan 2022 yilda katta maqsadlar yo‘lida rejalarni belgilagandik va shu asosda yutuqlarga erishdik. Joriy yilda ham O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbariyati, murabbiylarimiz bilan birgalikda qaysi musobaqalarda qatnashish, qaysilarini bevosita kuzatish, o‘quv-mashg‘ulot tizimini yakkalik yoki jamoaviy tarzda o‘tkazish masalasida yillik ish reja ishlab chiqilgan. Shunga asosan yakka yoki jamoaviy tarzda xalqaro turnirlarda, mashg‘ulotlarda ishtirok etiladi. O‘zimga kelsam, 7 yanvar kuni Niderlandiyaga yo‘l olaman. U yerda ma’lum bir vaqt mashg‘ulotlar o‘tkazaman. Undan keyin 13-29 yanvar kunlari ushbu mamlakatda bo‘ladigan super turnirda ishtirok etaman. Undan keyin Germaniyaning Dyusseldorf shahrida avvaliga 2-3 fevral kungi nufuzli turnirning jamoaviy bahslarida va 15-26 fevral kunlari bo‘ladigan yakkalik musobaqalarda qatnashaman.

–Bu yil siz uchun eng katta maqsad nima?

– Eng katta orzuim jahon shaxmat tojini O‘zbekistonga olib kelish. Bu, shu yil amalga oshadimi, keyinroqmi, muhimi butun harakatim shu maqsadga qaratilgan.

Nodirbek ezgu maqsadlaringizga erishib yurishingizga tilakdoshmiz.

– Raxmat.

 

O‘zA muxbiri 

To‘lqin Ro‘ziyev 

suhbatlashdi