English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nikoh pista po‘chog‘imas, chaqib tashlayveradigan...
16:21 / 2023-01-01

Insonning ishdan horib kelganida halovat topadigan joyi bu oilasi. Oila er-xotin, bola-chaqa uchun shaxsiy xotirjamlik hududidir. Ammo hammadayam shundaymi?

Keyingi paytlarda ajrimlar haqida eshitsak, ajralishga sabab bo‘ladigan bahonalar arzirli emasdek tuyuladi. Bir oilani asrab qolish uchun qanchadan-qancha keksalar, ko‘pni ko‘rgan onaxonlarning hayotini ibrat qilib ko‘rsatamiz. Qaniydi kor qilsa?

Yaqinda konimexlik bir yosh oilani ajrashish sabablarini o‘rgandik. Kelin turmush qurayotganida mahallaga duv-duv maqtov bilan kirib keldi. Ha, emishki kelin bo‘lmish ro‘zg‘ori uchun bor mebellar-u, texnika jihozlarini olib kelibdi. To‘y kuni esa kelin sarpoga qo‘shib olib kelingan zamonaviy ko‘zni qamashtiradigan jihozlarni kirib tomosha qilmagan odam qolmadi. Farovon yashashga intilish yaxshi. Xo‘p, ota-onasi orzu-havasli ekan, to‘yona qilishganda dersiz...

Afsuski, to‘ydan keyingi to‘s-to‘polon aynan shu kimmatbaho mebellar, zamonaviy texnikalar sabab boshlandi. Kachonki, bank xodimlari kelinning uyiga kredit to‘lovlarini so‘rab kelishganida...

Kelin ota uyidan bank kredit hisobidan ro‘zg‘orini but qilib, kamiga falon so‘mlik qo‘l telefoniniyam xarid qilib kelgan. Kelin buning to‘lovini kim qiladi, deb o‘ylaganmikan? Afsuski, oyiga 5 million so‘mdan oshiq to‘lov qilinishi kerak bo‘lgan kredit mablag‘i uchun bir oila ajraldi. Chunki katta qarz bilan kirib kelgan kelin oilaga qanchalik tayyor bo‘lmasin, uni kuyov oilasi qabul qilmadi. Bu oilani asrab qolish uchun kimlar aralashmadimi, dersiz. Mahalla, hatto tuman hokimining o‘zi ham bu muammoni o‘rgandi. Ishsiz kelin-kuyovlarni ishga ham joylashtirish uchun harakatlar qilindi. Biroq...

Navoiy shahar adliya bo‘limi FHDYO idorasi 1-toifali inspektori Albina Turemuratova shunday hikoya qiladi:

– Endigina oila qurgan yigit internet qimorida bor bisotini tikkan. Kuyovning ota-onasi tanish-bilishini oraga solib, o‘g‘lini bir necha marotaba ishga joylashtirib qo‘ydi.  

Afsuski, yigit o‘sha ikki yoki uch oy ishlaydigan korxonalarda ham o‘nlab odamlar ishonchiga kirib, o‘zgalarning plastik kartalaridagi pul mablag‘larini qimor o‘yiniga tikadi. Natijada bir oila barbod bo‘ldi. Boisi, kuyovning kelin bilan umuman ishi yo‘q, o‘y-xayoli virtual olamdagi qimor o‘yinlarida. Qizning ota-onasi orada farzand tug‘ilmasidan “kuyov bo‘lmish” xotinini ham qimorga tikvormasligi xavotirida nikohni bekor qildi. Eng yomoni, ajrimga qanchalik vaqt bermaylik, berilgan imkoniyatimiz befoyda. Oliy ma’lumotli yigitning parvoyi falak. Na kelinchakka, na ota-onasiga ichi achiydi, “zombi”ga o‘xshab qolgan. Shu bugun pul topsa, yana internetga kirib o‘yin o‘ynasa...

– Bunday mojarolarni kun ora eshitamiz, eng afsuslanarlisi, hali ona suti og‘zidan ketmagan go‘dakni ota-onalar turmushga uzatish uchun FHDYO bo‘limlariga olib keladi, – deydi Nurota tumani adliya bo‘limi 2-son FHDYO idorasi mudirasi Feruza Safarova. – Ko‘pchilik yoshlarni fuqarolik pasporti oldimi, demak turmush qurishi mumkin, degan fikrda bo‘ladi. Aslida qiz bola 16 yoshida na oilaviy munosabatlarga tayyor, na oila qurishga. Hatto, ular nikoh uchun jisman ham tayyor emas. Yaqinda xuddi shunday holat “Kattasoy” mahallasida yuz berdi. Tushuntirishlarimizga qaramay, qizni qonuniy nikohsiz uzatishdi. 16-17, hatto 18 yoshda ham yigit-qizlarimizni turmushga tayyor emas, deb hisoblayman. Xayolimdan fuqarolik pasportini berishni 18 yosh qilib belgilash kerak, degan fikrlar ham o‘tadi. Ammo qaniydi erta turmushning oldini olishni faqat hujjatlar belgilasa… Qancha kuyinmang, baribir o‘z bilganidan qolmaydigan ota-onalar qancha?... Nikoh yoshini 18 dan ekanligini bilsa-da, keling shularni “ZAGS”dan o‘tkazib qo‘yaylik, deb bolalari pasportlarini “qo‘ltiqlab” keluvchilar qancha... Nahot odamlar farzandining hayotini o‘rtaga qo‘yib nimalarnidir rejalashtirsalar...

– Karmanada turmush qurganiga 6 oygina bo‘lgan oila nikohni bekor qildi, – deydi Karmana tumani adliya bo‘limi FHDYO idorasi 1-toifali inspektori Gulshan Beknazarova. – Sabab esa xiyonat, yigitlarning beqarorligi tufaylidir. Ota-onaning istagi, qiz va yigitning ko‘ngil moyilligi bilan qurilgan oila ko‘pga bormadi. Yigit 19 yoshda, qiz esa 18 yoshda. Aniq bo‘lishicha, yigit o‘zidan 4-5 yosh katta, shundoqqina o‘zi yashaydigan manzilning ko‘cha boshida ijarada turgan “bolali ayol” bilan 2 yildan buyon yasharkan. Nahot, ota-onaning shu holatdan xabari bo‘lmasa... Albatta xabari bo‘lgan, ammo “...uylantirsak, ko‘nadi...” qabilida ish tutishgan. Ajrim jarayonida kelinga nisbatan yigitning gap so‘zlarini eshitgan insonning eti jimirlaydi. Axir oila er-xotinning hohishi asosida quriladi. Kelin taraf ko‘zida yosh bilan kuyovini “qarg‘ay-qarg‘ay” chiqib ketdi. Kelin esa yoshligi tufaylimi, nima bo‘layotganini ham anglamadi... Tumanda 2022 yilda kuzatilgan 233 ta ajrimdan 20 dan ortig‘i aynan xiyonat tufayli bekor qilindi.

– Xatirchi tumanidagi ajrimlarning ayrimlariga ichkilik va giyohvandlikka berilish holatlari sabab bo‘lmoqda, – deydi Xatirchi tumani adliya bo‘limi FHDYO idorasi xodimi O‘tkir Eshimov. – Ota-onalar hech qayerda ishlamaydigan, o‘qimaydigan, kamiga ichkilik va giyohvandlikka ruju qo‘ygan o‘g‘illarini uylantiradi. Nazarimda tarbiya masalasi oqsagan oilada shunday farzandlar ulg‘ayadi. To‘ydan keyin bo‘lar-bo‘lmasga doimo kaltaklangan kelinning sabri ham tugaydi-da. Kaltakning zo‘ridan homilasi ham nobud bo‘lgan kelin ajralishga qaror qildi. Ajrimlarning oldini olishdagi tadbirlarimiz birida “...o‘zimni o‘ylamayapman, bo‘lajak farzandimning giyohvanddan tug‘ilishini istamayman”, deb yum-yum yig‘lagan qizning ruhiy azobiga biz ham chiday olmadik.

Xullas, ba’zida oddiygina “g‘idi-bidi”dan boshlanadigan janjallarning bir yil o‘tgandan keyin FHDYO idorasi ostonasida “fe’l atvorimiz to‘g‘ri kelmadi”, degan vaj bilan kirib kelishidan tizim xodimlarining yuragi bezillagan.  

Raqamlarga murojaat qilsak. Navoiy viloyatida 2022 yilning 23 dekabr sanasiga 1409 oilaning nikohi bekor qilindi. Ularning 1034 tasi sud orqali va 272 tasi farzandi bo‘lmagan er-xotinlarning o‘zaro roziligi tufayli ajrim holati rasmiylashtirilgan. 92 juftlikning takroriy nikohi bo‘lgani uchun sud qarori bilan nikohi bekor qilingan. 2 nafar oilaning esa er yoki xotinining ruhiyatidagi buzilish sabab umuman “muomalaga layoqatsiz” deb topilgani bois sud qarori bilan nikohi tugatildi. Nikohni bekor qilish bo‘yicha eng peshqadam hudud Navoiy shahri hisoblanadi, 330 ta oila buzilgan. Karmana tumanida 233 ta, Qiziltepa tumanida 140 ta, Navbahor tumanida 140 ta, Zarafshon shahrida 130 tani tashkil etmoqda. Afsuski, shu ajrimlarning 60 foizi 18-20 ga kirgan yoshlardir. Bu faktlardan, raqamlardan xulosa chiqarish o‘zingizdan.

Alisher Ramazonov,  

Navoiy viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi.

O‘zA

 

(Abduvali Bo‘riyev)