
G‘ozg‘on shahar hokimi Azamat Bazarov hindistonlik tadbirkor Chandra Bhan Kataria bilan uchrashdi. Tadbirda O‘zbekistonda xorijiy tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar, shu jumladan, soliq imtiyozlari haqida ma’lumot berildi. Hindistonlik tadbirkor G‘ozg‘onda marmar va granitni qayta ishlovchi korxona tashkil etish niyatida.

Loyiha doirasida 5 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, 40 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
*****
“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali hamda uning shahar va tuman bo‘limlari tomonidan 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Navoiy shahridagi mavjud 202 ta gaz taqsimlash punktidan 10 donasi yuqori bosimli bo‘lib, qolgan 192 donasi o‘rta bosimli gaz taqsimlash punktlaridan iborat. Gaz quvurlarining umumiy uzunligi 556,5 kilometrni tashkil etadi. Shu kunga qadar gaz taqsimlash punktlari hamda gaz quvurlarida o‘tkazilgan texnik ko‘rik davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha 1,3 kilometrlik gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish ishlariga kirishildi. Shuningdek, 24 kilometr gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga keltirilib, tarmoqlarda bo‘yoqlash ishlari bajariladi.
Tarmoqlarda ta’mirlash ishlari bilan bir vaqtda yana 157 ta gaz taqsimlash punkti hamda qariyb 100 kilometrlik gaz quvurlari tarmoqlarida taftish ishlari olib borilmoqda. Bunda 36 kilometr yer osti gaz quvurlarining holati tekshirilsa, 6,5 kilometr gaz quvurlarini bosim ostida sinash va havo bosimi yordamida tozalash ishlari amalga oshiriladi.
*****
“Yangi Qiziltepa akademiyasi” o‘quv markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2-sonli kasb-hunar maktabida “Najotni ilmdan izlash eng to‘g‘ri yo‘l” shiori ostida mental arifmetika bo‘yicha ochiq olimpiada o‘tkazildi. Unda mamlakatimizning turli viloyatlaridan 250 dan ortiq bolajonlar ishtirok etdi.

Yakunda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 6 nafar bolajon Toshkent shahrida o‘tkaziladigan musobaqaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA