English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navoiy merosi – insoniyat boyligi
16:58 / 2023-02-09

Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan bugun Samarqand shahridagi alloma nomi bilan ataluvchi markaziy istirohat bog‘ida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari F.Toshev, X.Bobomurodova, Samarqand davlat universiteti professori E.Musurmonov va boshqalar Alisher Navoiyning asarlari, ularda ilgari surilgan g‘oyalar haqida so‘z yuritdi. Navoiy ayni yigitlik chog‘ida to‘rt yil Samarqandda yashab, bu yerdagi madrasalarda saboq olgan, ilmiy-ijodiy davralarda qatnashgan. Bu keyinchalik allomaning hayoti va ijodida muhim ahamiyat kasb etgan.  

[gallery-10503]

– Navoiyni biz ko‘proq ulug‘ shoir, ijodkor sifatida bilamiz, lekin alloma asarlarini chuqurroq o‘rgansak bu zot yuksak tafakkur egasi sifatida falsafa, aniq fanlar, arxitektura sohalarini yaxshi bilganini anglaymiz, – deydi E.Musurmonov. – U vazir va Astrobod hokimi bo‘lgan vaqtlarda juda katta bunyodkorlik ishlariga bosh bo‘lgan va ko‘p inshootlar tarixini o‘zi chizib berganligi tarixdan ma’lum. Hali Navoiy merosining o‘rganilmagan qirralari juda ko‘p va bu katta izlanishlarga asos bo‘ladi. Alisher Navoiy asarlari bugun dunyo xalqlarining bebaho ma’naviy merosiga aylangan. Ular turli tillarga tarjima qilinib, o‘rganilmoqda.  

Tadbirda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari buyuk shoir g‘azal va ruboiylarini turli xorijiy tillarda o‘qidilar. Viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan Navoiy siymosi aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Tadbir qatnashchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi. Sana munosabati bilan Samarqand shahridagi konsert zalida Alisher Navoiy g‘azallari bilan aytiluvchi qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi namoyish etildi.  

G‘.HASANOV,  

A.ISROILOV (surat), O‘zA