
9 fevral – Alisher Navoiy tavalud topgan kun
Navoiy ijodi – keng ummon. O‘rganganing sayin yangi g‘oya, yangi talqinlar topilaveradi. Asarlarining boqiyligi boisi ham – shunda. Shoirning boy ma’naviy merosi komil inson tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi bilan birga, tarixiy shaxslar, avliyolar, aziz zotlar, geografik joy nomlari haqida ham so‘zlaydi.
Alisher Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonida Buxoro haqida mana bu bayt keltirilgan:
Azmu Bag‘dodu Buxoro aylagan ahbob uchun
Bersa tong yo‘q elga ashkim Dajlayu Jayhunni yod.
Shoir “Buxoro va Bag‘dodga borishni niyat aylagan do‘stlarim uchun mening ko‘z yoshlarim Dajla (Bag‘dod shahridan oqib o‘tadigan daryo) va Jayhun(Amudaryoning eski nomi)ni esga soladi” demoqchi.
XV asrda yashab o‘tgan mutafakkir shoir Buxoroni shunchalik qadrlagan.
Manbalarda Navoiyning Buxoroga kelgani haqida hech qanday ma’lumot uchramaydi. Buyuk mutafakkir kelib ko‘rmay turib, bu o‘lkaga va uning aziz zotlariga shu qadar yuksak mehr-muhabbat ko‘rsatgan ekan, bu Buxoroyi sharifning XV asrda ham cheksiz obro‘-e’tiborga ega ekanidan dalolat beradi.
Olimlarning o‘rganishicha, Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat...” tazkirasida “Buxoro” so‘zi19 marta tilga olingan. Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat”, ya’ni “Ulug‘lik xushbo‘yliklarini taratuvchi muhabbat shabbodalari” tazkirasi shayxlar hayoti va faoliyatini yoritishga bag‘ishlangan.
Asarda ba’zi shayxlarning asl Vatani alohida qayd etilmagan bo‘lsa ham, aniqki, o‘zlari buxorolik. Ba’zi shayxlarning o‘zi buxorolik bo‘lmasa ham, bu yerda yashab qolgan yoki qabri ham shu yerda. Ayrimlari bir muddatga kelib, ta’lim olgan va hokazo.
“Nasoyim ul-muhabbat...”da Buxorodagi naqshbandiya oltin silsilasining yetti piri – Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Bobo Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshbandlar ta’rif va tavsif etilgan. Undagi fikrlarni o‘qib, shu yurtga, uning buyuk zotlariga ehtirom tuyg‘usini his etasan, kishi.
Shoir Buxoroning yetti pirini yaxshi bilgan. U asarlarida Naqshbandiya tariqati g‘oyalarini keng targ‘ib etgan.
“Lison ut-tayr” asarida ham buxorolik shayxlarni qalamga olgan. Xoja Muhammad Porso va u kishining o‘g‘illari Xoja Abu Nasrni va Bahouddin Naqshbandni ta’riflagan.
“Majolis un-nafois” tazkirasida o‘tmish shoirlar xotirasini abadiylashtirish, hayot bo‘lgan qalam ahllarini rag‘batlantirishni maqsad qilgan. Bu asarni zamondoshlariga bag‘ishlaydi.
Navoiy tazkirasida shoir va adabiyot ahli qatorida buxorolik qalam sohiblariga ham to‘xtalgan. Avvalgi majlisda shoir Xoja Ismatullo va u kishining shogirdi Mavlono Xayoliy, ikkinchi majlisda naqshbandiya tariqatining mashhur olimi Muhammad Porsoning o‘g‘li Xoja Abu Nasr Porson Mavlono Kavsariy, Navoiy Samarqandda tahsil olayotganida, ya’ni 1465 – 1469 yillari unga murabbiylik va moddiy jihatdan madad berib turgan, Buxoroda vafot etgan shoir, arbob Ahmad Hojibek haqida ma’lumot bergan. Uchinchi majlisda adabiyotshunos, shoir, hayoli, odobli, hushyor, odamshavanda Mavlono Sayfiy ijodi xaqida fikr yuritgan.
Navoiy Xoja Ismatullo haqida shunday fikrlar keltirgan: “Movarounnahr buzurgzodalaridan, g‘oyat xushta’b, she’rga oshno bo‘lganligi uchun ham devoni mashhur bo‘ldi. Xalil Sultonga bag‘ishlangan qasidasi bor. Xojaning qabri Buxoroda o‘z hujrasidadir”.
Xoja Ismatullodan keyin u kishining shogirdi Mavlono Xayoliy haqida mana bu fikrlarni yozgan: “Buxorolik va Xoja Ismatulloning shogirdidir. O‘zi xushxulq va xushtavr (xushfe’l) yigit qabri Buxoroda”.
Navoiyning “Mezon ul-avzon” asari turkiy xalqlarni aruz ilmidan bahramand etish niyatida yozilgan. Unda shoir Buxoroda yashab ijod qilgan Xoja Ismat Buxoriyning o‘zbek tilida aruzda she’rlar bitganligini yozgan.
Shu asarni nashrga tayyorlagan navoiyshunos Suyima G‘aniyevaning izoh berishicha, Xoja Ismat Buxoriy Xalil Sulton saroyida xizmat qilgan. Xalil Sulton zindonband etilgandan so‘ng shoir sargardonlikka uchraydi. Shundan keyin uzlatda – darveshlar orasida yashashni afzal ko‘rgan ekanlar. Xoja Ismat Buxoriyning sakkiz ming baytdan iborat she’rlar devoni bor. Shoir Ulug‘bekka, Xalil Sultonga, Temuriy shahzodalarga bag‘ishlab qasidalar yozgan. U kishi “Ismat”, “Ismatulloh” taxalluslarida yozganlar. Navoiyning Xoja Ismat haqidagi bunday ma’lumotlari tarixiy bir manba vazifasini bajarishi bilan birgalikda, Buxoro adabiy muhitidan xabardor etadi. Navoiydek buyuk shoir Buxoroni mana shunday ulug‘lari orqali qadrlaganligining guvohi bo‘lamiz.
Shoirning asarlaridan ba’zi buyuk shaxslarning Buxoroda bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni ham bilib olamiz. Masalan, Navoiyning “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” asarida tasavvuf mutafakkiri, shoir Aziz Nasafiy ilk tahsilni ona yurtida olgach, Buxoroga borgani va u yerda ilm o‘rganganligi bitilgan.
Bularni keltirishimdan maqsad Navoiy davri va undan oldin ham Buxoro nomini uning buyuk zotlari yuksak ilm-ma’rifati, she’riyati va ma’naviy fazilatlari bilan dunyo ahliga ma’lumu mashhur qilishgan.
Bugun ko‘pchilik Xoja Ismatulloh va yetti pirni ziyorat qilishadi. Lekin ko‘pchilik Navoiyning ular haqida keltirgan fikrlaridan bexabar.
Shoir Buxoro va uning avliyolari, buyuk zotlarini qalamga olgan, ular tomonidan yaratilgan asarlar to‘g‘risidagi tarixiy ma’lumotlarni qoldirganki, bu tadqiqotchilar uchun katta manba sanaladi.
Ziyoda G‘AFFOROVA, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
“Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi direktori o‘rinbosari.
O‘zA