
Buxoroda tashkil etilgan oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari davom etmoqda. Bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlash, ularning sun’iy o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik doimiy nazorat va e’tiborda.
Viloyatning barcha dehqon bozorlarida yangi yil bayrami oldidan tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari faoliyatidan aholi mamnun.

Buxoro shahridagi “Markaziy dehqon bozori” hamda “To‘qimachi dehqon bozori” da tashkil etilgan yarmarkada meva-sabzavot, poliz, dukkakli, guruch, go‘sht, baliq va sut mahsulotlari, tuxum, o‘simlik yog‘i, shakar va turli ichimliklar arzon narxlarda sotilmoqda. Yarmarkalardagi narx-navoning asossiz oshirilmasligi viloyat davlat soliq xizmati xodimlari va tegishli tashkilotlar nazoratida.
Xususan, viloyat aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va narxlarning barqarorligini ta’minlash maqsadida barcha dehqon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi shakllantirilgan holda barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.

Yarmarkalarda fermerlar va dehqonlarga o‘z mahsulotlarini peshtaxtalarni ijaraga olmagan holda xaridorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkoniyati berilgan. Buning natijasida viloyatdagi boshqa bozorlar singari “Kogon shahar savdo majmuasi” va “Galaosiyo dehqon bozori”dagi yarmarkalarda ham hududdagi fermerlar hamda tadbirkorlar xaridorlarga oziq-ovqat mahsulotlarini arzon narxlarda yetkazib beryapti.
Zarif Komilov,
O‘zA