
O‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida mamlakatimizdagina xos bo‘lgan mahalla instituti bugungi kunda jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalikni barqaror saqlash, aholi farovonligini yuksaltirish, ijimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, yoshlar ta’lim-tarbiyasi borasida o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega bo‘lib, munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Mazkur jarayonlarda esa mahallalarning moddiy texnik bazasini mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatining Uychi tumanidagi “O‘nhayot” va “Yangiyer” mahalla fuqarolar yig‘inlari Yangi yil bayramini zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lgan yangi binolarda qarshi oldi. Asosiysi, ushbu yangi guzarlarda mahallada faoliyat yuritayotgan “beshlik” xodimlari, ya’ni raisdan tortib yoshlar yetakchisining har biriga alohida-alohida xonalar, qolaversa, kutubxona va aholini qabul qilish joyi ham qurilgan.

“O‘nhayot” MFY ilgari faoliyati to‘xtatilgan muassasaga qarashli bo‘sh turgan binoda moslashtirilgan uchta xonada faoliyat yuritgan edi. Endilikda esa tadbirkor Yusufjon Ubaydullayev boshchiligidagi bunyodkorlar tomonidan “Obod qishloq” dasturi doirasida 420 million so‘m evaziga yangi mahalla markazini qurib bitkazildi.
O‘z navbatida, “Yangiyer” MFY ham avvallari mahallaga tegishli eski, ko‘rimsiz bir binoda ish olib borishiga to‘g‘ri kelgan. bugungi kunda esa mazkur bino o‘rnida tadbirkor Baxtiyor Mirzayev boshchiligidagi quruvchilar “Obod qishloq” dasturi asosida 500 million so‘m hisobiga yangi mahalla markazi qad rostladi.

Ushbu ikki mahallaning yangi idora binolarida ish boshlashi munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyati bo‘limi tomonidan yangi mebellar to‘plami va komp’yuter jihozlari jamlanmasi bilan ta’minlandi.

- Keyingi ikki yilda viloyatimizda 200 ga yaqin mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun yangi idora binolari qurib foydalanishga topshirildi, yuqori tashkilotlar tomonidan mahallada mehnat qilayotganlarga qo‘yilayotgan yuklamalarni bajarishlari uchun munosib shart-sharoit yaratib berildi, - deydi Namangan viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Ahmadjon A’loxo‘jayev. – Birgina, Uychi tumanidagi O‘nhayot va Yangiyer mahallalari uchun yangi idora binolarini qurishga salkam 1 milliard so‘m sarflandi. O‘z navbatida “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan mahallalar moddiy-texnik bazasiga ahamiyat qaritilgani o‘zini o‘zi boshqarish idoralarida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan “Mahalla raisi islohotchi” tamoyilini amalga oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA