English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan – Janubiy Koreya: sport sohasida kelishuvlar
14:50 / 2023-08-07

Namangan viloyati yoshlar siyosati va sport boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon To‘ychiyev boshchiligidagi delegatsiyaning Janubiy Koreyaga amaliy tashrifi davomida futbolni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif avvalida, Koreya Respublikasining Tegu shahridagi “Daegu” futbol klubi prezidenti Cho Kvan Rae bilan muloqotda Namangan viloyatida futbolni rivojlantirishda koreys tajribasini keng ommalashtirishga erishildi. Delegatsiya a’zolari “Daegu” klubi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tegu shahri sharafini himoya qiladigan “Daegu” jamoasi 2002 yili tashkil etilgan. Klub rahbari Namangan haqida eshitgani, ushbu zaminga oktyabr-noyabr oylarida o‘zi boshchiligidagi delegatsiya bilan tashrif buyurishini ta’kidladi. Shuningdek, u murabbiylar bilan ikki tomonlama o‘zaro tajriba almashish istagi borligini bildirdi.  

Imzolangan kelishuvga asosan, “Daegu” jamoasi murabbiylari yiliga to‘rt marotaba O‘zbekistonga tashrif buyurib, Namanganda bolalar futbolini rivojlantirish bo‘yicha seminar treninglar tashkil etadi. “Suvon” futbol klubi nafaqat Osiyo, balki butun dunyoga mashhur. Janubiy Koreya terma jamoalari bazasiga munosib kadrlarni tarbiyalaydigan ushbu klub hamda uning akademiyasi bilan manfaatli hamkorlik har jihatdan samara berishi shubhasiz. Mazkur jamoa 2003 yil 15 martda “Suvon Siti” nomi bilan tashkil topgan. 2012 yil 9 dekabrda “Suvon” to‘liq professional bo‘lishi e’lon qilinib, klub nomi ham “Suvon FC”ga o‘zgartirildi va professional “K” ligasiga qo‘shilish uchun ruxsat oldi.  

Ayni kunlarda Koreyada bo‘lib turgan Namangan viloyati delegatsiyasi a’zolari – viloyat yoshlar siyosati va sportni rivojlantirish boshqarmasi, viloyat futbol assotsiatsiyasi, viloyat futbol akademiyasi mutasaddi rahbarlari “Suvon” klubi prezidenti Dong Vuk Choi bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi.  

Endilikda “Suvon” klubi hamda Namangan viloyati futbol akademiyasi murabbiylari, mutaxassislari reja asosida o‘zaro tajriba almashib boradi. Kelishuvga ko‘ra, dastavval Koreya tomoni joriy yilning sentyabrida amaliy tashrif bilan Namanganga keladi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari Janubiy Koreya taekvondo akademiyasi rahbariyati bilan uchrashib, hamkorlik yuzasidan amaliy shartnomaga erishdi. Ushbu kelishuvga muvofiq koreyalik murabbiylar yiliga uch bor Namanganga kelib, mahalliy mutaxassislarning ko‘nikma va tajribalarini oshirib boradi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.