
Islom olami robitasi Bosh kotibi taklifiga binoan ushbu nufuzli tashkilotning Makka shahridagi qarorgohiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari tashrif buyurdi, deya xabar beradi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.
Bosh kotib maslahatchisi Abdulaziz Sarhan janoblari bilan Muftiy hazratlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot avvalida Muftiy hazratlari mamlakatimizda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlar haqida so‘zlab berdi.
Muftiy hazratlari ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar taraqqiy etayotgani, shu yil 17-18 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan Saudiya Arabistoniga tashrifi hamkorlik aloqalari rivojlanishiga xizmat qilayotganini alohida qayd etdilar.

Mana shunday hamkorlikning uzviy davomi sifatida davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan Madina shahrida joylashgan Nabiy alayhissalom hayotlariga oid Islom sivilizatsiyasi muzeyining tajribasini o‘rganish va ayni kunlarda bunyod etilayotgan Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida xuddi shu kabi buyuk muhaddis hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan muzey barpo etish ishlarida unumli foydalanishni Muftiy hazratlari bildirdi.
Abdulaziz Sarhan janoblari O‘zbekiston Islom ilmlari ravnaq topgan tabarruk zamin ekani, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalar bu diyorni butun olamga mashhur qilgani, barcha mo‘min-musulmonlar bu ulug‘ zot bilan iftixor qilishini izhor etdi. Bosh kotib maslahatchisi joriy yilda O‘zbekiston zaminiga tashrif buyurgani mamlakatdagi bunyodkorlik ishlari, o‘zgarishlarni ko‘rib hayratda ekani va ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Madina shahridagi «Payg‘ambarimiz alayhissalom siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi» haqiqatan yuqori texnologiyalar asosida barpo etilgani Imom Buxoriy butun musulmon dunyosiga beqiyos xizmat qilgani e’tiboridan Saudiya tomonidan ham mazkur muzey ishiga hissa qo‘shishga tayyorligini Abdulaziz Sarhan izhor etdi. Islom olami robitasi rahbariyati ushbu majmuaning ochilish marosimida ishtirok etishdan mamnun bo‘lishini bildirdi.

Muftiy hazratlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida Fatvo markazi tashkil etilgani, o‘zaro hamkorlik qilish, xususan, mutaxassislar kasb-mahoratini oshirish, o‘zaro tajriba almashish hamda dolzarb mavzularda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish kabi muhim masalalarda hamkorlik qilish mumkinligini ma’lum qildilar.
Bosh kotib maslahatchisi Abdulaziz Sarhan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlarini Islom olami robitasiga a’zo qilish sa’y-harakatlari boshlangani va tadrijiy ishlar amalga oshirilgandan so‘ng qo‘shimcha xabar qilishini ma’lum qildi.
Ma’lumot o‘rnida, Islom olami robitasi – dunyoning turli mamlakatlarining yirik musulmon ulamolarini birlashtirgan xalqaro islom tashkilotidir. U 1962 yilda tashkil etilgan, qarorgohi Makka shahrida, Oliy organi – Ta’sis kengashi bo‘lib, unga 60 nafar diniy arbob kiradi.
O‘zA